Shu kunlarda Parkent tumaniga sayyohlar qatnovi ancha ortdi. Ayniqsa, hududdagi “So‘qoq” yoki “Qizil tog‘” kabi manzillari oilaviy dam oluvchilar bilan gavjum.
Hordiq chiqarish maqsadida boruvchi fuqarolar uchun ko‘p qulayliklar yaratilgan. Katta yo‘l bo‘ylarida avtotransport vositalari uchun maxsus avtoturargoh, biohojatxona, ko‘chma chiqindi qutilari, ovqatlanish nuqtalari va savdo do‘konlari tashkil etilgan. Asosiy vazifa hudud tabiatiga ziyon yetkazmaslik va uni sof holatda saqlashdir. Bu uchun, maxsus joylarda mevali daraxt ko‘chatlari ekish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Hududda oxirgi ikki yildan beri sayyohlar gavjum bo‘layotgan manzillardan yana biri Achchiqko‘ldir. Ko‘l va uning atroflari qamishzor. Ko‘lni baland qir-adirlar o‘rab turadi. Mazkur ko‘lda oltingugurt hidli shifobaxsh qora balchiq mavjud bo‘lib, bu joy davo istab keluvchilar bilan doim gavjum. Sayyohlar yashil tabiatdan bahra olib, suratlarga tushmoqda. Bolalar esa varrak uchirmoqda. Umuman olganda, barcha manzillarda hordiq chiqarayotganlarning kayfiyati chog‘.
Hozir Parkent tumanining turistik salohiyati 2021 yilga nisbatan 3,5 barobarga oshdi. Joriy yilda hududga 893 ming nafardan ziyod mahalliy, 117 ming nafardan ziyod xorijiy turistni jalb qilish maqsad qilingan. Buning uchun zarur tashkiliy choralar ko‘rilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11122 | Инструменты