“Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish hamda qayta ishlash zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi prezident qarori (PQ-136-son, 08.04.2025-y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, umumiy yer maydoni 5 gektardan kam bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan o‘zlariga qarashli qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning dala chetlarida ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasiga muvofiq jami yer maydonining 1 foiziga, lekin 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan o‘lchamda yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan muzlatkichli omborxonalar, saralash, quritish, qayta ishlash, qadoqlash, suv tejovchi texnologiyalar va suv saqlash obyektlarini qurishga ruxsat etiladi.
2025–2026-yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini aholi tomorqalari, dehqon va fermer xo‘jaliklaridan yig‘ib, saralab, zamonaviy qadoqlab shartnoma asosida realizatsiya qilgan qishloq xo‘jaligi kooperativlariga qadoq xarajatlarining 25 foizi, biroq har bir qadoq uchun 3 ming so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplab beriladi. Bunda:
- qishloq xo‘jaligi kooperativlarining meva-sabzavot mahsulotlarini yig‘uvchi va tayyorlovchi aʼzolari mahsulotlarni sifatli tayyorlash va eksportga chiqarish bo‘yicha “Edukarantin.uz” axborot tizimi orqali o‘qib, sertifikatga ega bo‘lishi lozim;
- sertifikatga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi kooperativlari va ular aʼzolarining “Agroko‘makchi” mobil ilovasida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalar bo‘yicha reyting tizimi yuritiladi.
Bundan tashqari, meva-sabzavot mahsulotlari eksportini samarali tashkil etish, sifatli transport-logistika (avtomobil, temir yo‘l va avia tashuv) xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida “E-logistika” platformasida eksportyor va tashuvchi korxonalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash imkoniyati taʼminlanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70508 | Инструменты