AQSH va O'zbekiston “Sifatli dori-darmonlar qo'llashni rag'batlantirish plyus” dasturini amalga oshiradi
29-oktabr kuni Amerika Qo'shma Shtatlari o'zining Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi (Farm agentligi) bilan O'zbekistonda “Sifatli dori-darmonlar qo'llashni rag'batlantirish plyus” dasturini amalga oshirish yuzasidan Anglashuv memorandumini imzoladi.
Mazkur memorandum USAIDning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Rebekka Blek va Farm agentligi direktori Sardor Kariyev tomonidan imzolandi.
“Sifatli dori-darmonlar qo'llashni rag'batlantirish plyus” dasturi Farm agentligiga uning nazorat va boshqaruv salohiyatini mustahkamlash, shaffoflik va hisobdorlikni oshirish, dori vositalari sifatini ta'minlash tizimini boshqarish, bemorlar xavfsizligini ta'minlash hamda mikroblarga qarshi dori vositalariga turg'unlik shakllanishi bilan kurashishda texnik ko'mak ko'rsatadi. Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining xalqaro andozalarga mos ravishda faoliyat yuritishini ta'minlash maqsadida yuqoridagi dastur doirasida tegishli ishlab chiqarish tajribasi bo'yicha inspeksiya tashkil etiladi.
So'nggi ikki yil mobaynida O'zbekiston Respublikasi hukumati farmatsevtika va tibbiyot tarmoqlariga xalqaro standartlarni joriy etish masalalariga sodiq ekanini namoyish etib kelmoqda. Bugungi kunda O'zbekistonda farmatsevtik mahsulotlar ichki ishlab chiqaruvchilari sonini ko'paytirish hamda asosiy dori vositalarining yetkazib berilishini takomillashtirish uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgan. “2019-2021 yillarda respublika farmatsevtika tarmog'ini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident farmoni shuni namoyish etadiki, sifatli dori vositalari va tibbiyot buyumlariga bo'lgan talabni mahalliy ishlab chiqarish hisobiga qondirish mamlakat uchun asosiy ustuvor vazifa hisoblanadi.
USAID 2014 yildan beri silga qarshi dori vositalari xavfsizligini oshirish maqsadida O'zbekistondagi xususiy sektorni qo'llab-quvvatlab kelmoqda. O'zbekiston silga qarshi dori vositalarini ichki bozordan xarid qilish amaliyotiga o'tar ekan, mahalliy ishlab chiqarilayotgan silga qarshi dori vositalari xalqaro sifat standartlariga mos bo'lishi muhim rol o'ynaydi.
“Sifatli dori-darmonlar qo'llashni rag'batlantirish plyus” dasturi bu USAID va AQSH Farmakopiya konvensiyasi o'rtasida besh yil muddatga tuzilgan hamkorlik bitimi hisoblanib, uning maqsadi past va o'rta daromadli mamlakatlarda dori vositalari va tibbiyot buyumlari sifatini ta'minlash tizimini barqaror ravishda kuchaytirishdan iborat.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62810 | Инструменты