Buxoroda imloviy xatolik bilan yozilgan 324 ta banner olib tashlandi

Buxoro viloyati hokimligi, Raqobat va Buxoro shahar obodonlashtirish boshqarmalari vakillaridan iborat ishchi guruhi tomonidan uzluksiz ravishda Buxoro shahridagi tashqi yozuv va reklamalarning tegishli qonunchilik talablariga moslashtirish borasida ishlar olib borilmoqda.

Ishchi guruhi tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida ajnabiy tilda yoki davlat tili qoidalariga zid tarzda imloviy xatolik bilan yozilgan 324 ta yozuv olib tashlangan.

“Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid tarzda o‘rnatilgan 843 ta konstruksiya bartaraf etildi. 2464 ta tadbirkorlik sub’ektiga reklamalarni o‘rnatish tartibi bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Ammo, afsuski, ishchi guruhi tomonidan tartibga keltirilgan ayrim ko‘chalarda bir hafta o‘tmasdanoq yana reklama va davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga zid yozuvlar o‘rnatilishi ko‘zga tashlanmoqda. Aslida ushbu ko‘rinishdagi qoidabuzarliklarga nisbatan qonunchilikda bazaviy hisoblash miqdorining 15 barobarigacha jarima qo‘llash nazarda tutilgan. Biroq tadbirkorlarni ortiqcha chiqimlardan xolos etish maqsadida dastlabki holatlarda faqatgina tushuntirish berish bilan cheklanilayotgan edi. Ammo andishaning otini qo‘rqoq qo‘ygan tadbirkorlar tomonidan davlatimizning o‘zlariga nisbatan bag‘rikengligi va kechirimliligi suiiste’mol qilinib, yana davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzish hollari kuzatilmoqda. Shu o‘rinda ularga kechirimlilik har xar doim ham bo‘lavermasligi, endilikda kichik qoidabuzilishlarga ham qonuniy choralar qo‘llanilishi xususida eslatib o‘tmoqchimiz. Albatta, har qanday qonun avvalo o‘z ijrosi bilan qadrlidir. Qonunga buysunish esa har bir fuqaroning burchidir. Zero, gap millatimiz ko‘zgusi bo‘lmish ona tilimiz haqida borar ekan, bunda hech birimiz befarq bo‘lishga haqqimiz yo‘q, –deydi viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akbar Rustamov.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunning 20-moddasiga asosan, lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin, deb belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi 104-sonli hamda 2023 yil 31 avgustdagi 428-sonli qarorlarida bino fasadida o‘rnatilgan axborot matni 1 kvadrat metr (oshxona va ishlab chiqarish korxonalarida 2 kvadrat metr) hajmidan oshmasligi lozimligi, agar ushbu hajmdan oshsa, u tashqi reklama hisoblanib, buning uchun tegishli pasport olinishi hamda oylik to‘lovlar to‘lash kerakligi, bino fasadidan tashqarida faoliyat turi haqida axborot beruvchi har qanday hajmdagi ustun yoki moslama reklama hisoblanib, buning uchun tegishli pasport olinishi hamda oylik to‘lovlar to‘lash lozimligi, reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilganda “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksining 1781-moddasiga binoan bazaviy hisoblash miqdorining 15 barobarigacha jarimaga tortilishi belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60804 | Инструменты