O'zbekistonda maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimi yaratilmoqda. Bosh vazirning birinchi o'rinbosari Ochilboy Ramatovning matbuot xizmati amalga oshirilgan ishlar, bajarilishi kerak bo'lgan choralar va chiqindilardan qanday foyda olish mumkinligi haqida ma'lumot berdi
Bugungi kunda chiqindilar muammosi dunyodagi eng dolzarb ekologik muammolardan biriga aylanib bormoqda.
Tahlillar shuni ko'rsatadiki, so'nggi yillarda maishiy va sanoat chiqindilari yildan-yilga ko'payib boryapti. Ayniqsa, XXI asrda maishiy chiqindilar hajmining o'sishi ekologik barqarorlikka juda katta salbiy ta'sir ko'rsata boshladi.
Ma'lumotlarga ko'ra, bugungi kunda rivojlangan mamlakatlar chiqindilarni 40 foizdan 60 foizgacha chiqindilarni qayta ishlaydilar. Energetika, rangli va qora metallurgiya, kimyo sanoati va qurilish industriyasi ob'ektlari har xil turdagi chiqindilarni hosil qiluvchi, atrof-muhitni ifloslantiruvchi asosiy manbalar hisoblanadi.
Jahon miqyosida chiqindilarni ikkilamchi qayta ishlashga jarayonlariga retsikling nomi berilgan. Retsikling atamasi xalqaro miqyosda maishiy chiqindilarni ishlab chiqarish jarayonlariga qaytarish mexanizmi sifatida tushuniladi.
Retsikling bilan bugungi kunda jahonning qator mamlakatlari keng shug'ullanib kelmoqda.
Xususan, mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilishni ta'minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash sohasida izchil siyosat amalga oshirilmoqda. 2017-2018 yillarda qattiq maishiy chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish tizimining infratuzilmasini takomillashtirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar olib borildi, 13 ta sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan davlat unitar korxonalari hamda ularning tuman va shaharlardagi 174 ta filiali, shuningdek, “Maxsustrans” DUK hamda 101 ta xususiy korxonalar faoliyat yuritmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 apreldagi qarori bilan “2019-2028 yillar davrida O'zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi” tasdiqlandi.
Strategiya doirasida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimi yaratilishi ko'zda tutilgan.
Bugungi kunga kelib hududlarda sanitar tozalash xizmatlarini ko'rsatish bo'yicha aholining qamrov darajasi 85,1 foizga yetkazildi va 2021 yil oxirigacha 100 foizga yetkazish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Chiqindilarni qayta ishlash darajasi 17 foizdan 21 foizga ortdi.
Chiqindilarni qayta ishlashning muhim bosqichlaridan biri bu – chiqindilarni alohida saralab yig'ish hisoblanadi. Bunda chiqindilar turiga qarab alohida chiqindi konteynerlariga yig'iladi.
Ayni damda mamlakatimizda ham chiqindilarni alohida saralab yig'ishga, bunda aholini rag'batlantirish mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 15 dekabrdagi “Toshkent shahrida maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog'liq ishlarni amalga oshirishni takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” gi qaroriga muvofiq: 2021 yil 1 martdan boshlab chiqindilarni saralab yig'ish tizimi quyidagi tartibda bosqichma-bosqich joriy etiladi:
1-bosqichda (2021 yilda) — Toshkent shahar hokimligi tomonidan belgilanadigan mahalla fuqarolar yig'inlari hududida chiqindilarni «qayta ishlanadigan» va «qayta ishlanmaydigan» toifalarga ajratgan holda yig'ish;
2-bosqichda (2022 yilda) — «Maxsustrans» davlat unitar korxonasi tomonidan xizmat ko'rsatiladigan barcha hududlardagi yakka tartibdagi turar-joy sektorida qattiq maishiy chiqindilarni «qayta ishlanadigan» va «qayta ishlanmaydigan» toifalarga ajratgan holda yig'ish;
3-bosqichda (2023 yildan boshlab) — barcha tumanlarda chiqindilarni «qayta ishlanadigan», «qayta ishlanmaydigan», «organik», «xavfli maishiy chiqindilar» va boshqa toifalarga ajratgan holda yig'ish.
Shu bilan birga chiqindilarni olib chiqib ketish tariflari iste'molchilar tomonidan chiqindilar saralab yig'ilganligini inobatga olib pasaytirilgan holda belgilanadi.
Saralangan chiqindi turi, xususan keng tarqalgan plastikni qayta ishlash muhim ahamiyat kasb etadi. Plastikdan granula olinib, ikkilamchi xom ashyoga aylanadi. Mazkur xom ashyodan ko'plab mahsulotlarni ishlab chiqarish mumkin.
O'zbekistonda “Sanfa Products” kompaniyasi birinchilardan bo'lib klaster tizimi asosida plastik chiqindilarni qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarib eksportga qo'ygan kompaniyalardan biri hisoblanadi. Hozirda mazkur kompaniya tomonidan bir yilda 2000 tonna plastmassa idishlarini qayta ishlash natijasida linoleum uchun asos, avtoyo'llar, gidroinshootlarning qurilishi uchun zarur geotekstil, polimer geomembrana, yengil sanoat uchun sintepon va hokazo mahsulotlarni ishlab chiqarmoqda.
Shunday korxonalardan yana biri Surxondaryo viloyatida joylashgan “BioTexno Eko” korxonasi bo'lib, yillik quvvati 180000 t, bir sutkada 500 tonna maishiy chiqindilarni saralab qayta ishlaydi. Sellofan, plastik, plastmassa kabi maishiy chiqindilardan granulalar, polietilen quvurlarni ishlab chiqaradi.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, maishiy chiqindilar butun dunyoda arzon xomashyo hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi uning 85 foizini qayta ishlash mumkinligini ko'rsatmoqda. Shimoliy Yevropa mamlakatlarida allaqachon chiqindilarni alohida yig'ish yo'lga qo'yilgan, natijada qog'oz, plastik, alyuminiy kabi xomashyoning katta qismi qayta ishlashga yuboriladi.
Chiqindilarni ikkilamchi qayta ishlash jarayonlarida uni shakllantirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Agarda aholi o'rtasida chiqindilarni alohida turiga qarab saralash madaniyati ongli ravishda shakllanmas ekan, chiqindilarni alohida saralash uchun mo'ljallangan konteynerlarni o'rnatish bilan ko'zlangan maqsadga erishish mushkul hisoblanadi. Mamlakatimizda, xususan Toshkent shahrida mazkur mavzudagi ta'lim jarayonlarini olib borishda “Hashar week” loyihasi guruhi bu borada ishlar faol tashkil etib kelmoqda.
“Hashar week” loyihasi ilk bora 2019 yil mart oyida amalga oshirilgan bo'lib, hukumat, keng jamoatchilik, xususiy tashkilotlar va fuqarolarning e'tiborini atrof muhitning global muammolariga, xususan chiqindilar masalalariga jalb etishga yo'naltirilgan.
Mamlakatimizda chiqindilarni saralab yig'ish jarayonlariga butunlay o'tishiga qancha vaqt ketishini aytish murakkab bo'lsa-da, asosiysi O'zbekiston bu boradagi qadamlarini tashladi. Ayni damda Toshkent shahrida mazkur jarayon uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish ishlari boshlandi. Ma'joziy ma'noda chiqindilar ikkinchi hayotga ega bo'lmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111621 | Инструменты