Davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarining davlat taʼlim standartlarini bajarishi majburiyligi belgilanmoqda

Ta’lim tashkilotlarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasi, shuningdek, kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Ta’lim oluvchilarning amaliyotni o‘tash tartibi va uni tashkil etish ta’lim muassasalari tomonidan mustaqil belgilanishi kutilmoqda. Bundan tashqari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarining davlat ta’lim standartlarini bajarishi majburiyligi belgilanmoqda.

Bu kabi tartiblarni o‘zida aks ettirgan “Ma’muriy islohotlar doirasida ta’lim sohasida davlat boshqaruvi samarali tashkil etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqildi. Mazkur hujjat bo‘yicha oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov batafsil ma’lumot berdi.  

Ta’kidlanganidek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tugatilgani bois, qonun loyihasi bilan uning vazifa va funksiyalarini tegishincha Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklariga berish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash a’zolarining yarmidan ko‘pi mazkur kengashni tuzgan, ilmiy tashkilot va ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan olimlardan iborat bo‘lishi bekor qilinmoqda.  

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkilotlariga pedagogik kadrlarni ta’lim tashkilotlariga ishga qabul qilish va ular faoliyatini baholash tartibini belgilash, o‘quv adabiyotlarini tayyorlash va nashr qilishni tashkil etish vakolatlari berilmoqda. Shu bilan birga, davlat oliy ta’lim muassasalari o‘quv rejalari, o‘quv dasturlarini kasbiy standartlar asosida tasdiqlash, ta’lim tilini hamda ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari xususiyatlarini inobatga olgan holda ta’lim olish shaklini belgilash ham ko‘zda tutilmoqda.  

Muhokamalarda so‘z olgan deputat Jahongir Mamajonov quyidagi savolni o‘rtaga tashladi:  

— Amaldagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda ta’lim tashkilotlarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish muddati 5 yil edi. Loyihada esa bu muddat chiqarib tashlanyapti. Xo‘sh, qancha vaqtda o‘tkaziladi? Muddati ochiq qolib ketyapti.  

— Vazirlar Mahkamasining shu yil fevral oyida qabul qilingan tegishli qarori bilan maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish muddatlarining yangi tartiblari belgilandi. Prezidentning tegishli qarori bilan esa OTMlarni har 4 yilda akkreditatsiyadan o‘tkazish belgilangan. Shuning uchun qonun loyihasida ta’lim tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish muddatlari vakolatli davlat organlari tomonidan belgilanishi kiritildi, — dedi Komiljon Karimov.  

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi va iikinchi o‘qishlarda qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72707 | Инструменты