Huawei 2
Davlatobod tumaniga hokim tayinlandi

Namanganda xalq deputatlari Davlatobod tumani kengashining navbatdan tashqari birinchi sessiyasi bo'lib o'tdi.
Unda deputatlar, viloyat va shahar faollari, korxona va tashkilot rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil iyun oyida Namanganga tashrifi davomida faollar bilan o'tkazgan yig'ilishda keyingi yillarda viloyat markazida aholining turmush darajasini yaxshilash maqsadida Namangan shahri tarkibida yangi tuman tashkil etish lozimligini ta'kidlagan edi. Mazkur masala xalq deputatlari Namangan shahar va viloyat kengashlari sessiyalarida ko'rib chiqilib, davlat rahbarining tashabbusi ma'qullandi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020 yil 11 sentyabrdagi “Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish to'g'risida”gi qarori bilan yangi tumanga asos solindi.

Qayd etish joizki, bundan avval ham Namangan viloyatida 1977 yil 29 avgust kuni 1,1 ming gektar maydonda Davlatobod tumani tashkil etilgan. Mazkur tuman 2003 yilning dekabr oyida tugatilib, shahar tarkibiga qo'shib yuborilgan.

2020 yil 12 noyabr kuni esa O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish bilan bog'liq tashkiliy masalalarni hal etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaror qabul qilindi.
Qayta tashkil etilgan Davlatobod tumani hududi 4 ming 686 gektardan iborat bo'lib, Namangan shahri hududining 26 foizini tashkil etadi. Tumanning 25 mahallasida 150 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Tuman hududida 421 ko'p qavatli uy, 18 maktab, 24 bolalar bog'chasi, 5 tibbiy muassasa, “Yuksalish” va “Orzu” kichik sanoat zonalari, “Navbahor” stadioni, “Afsonalar vodiysi” bog'i, 5 zamonaviy mehmonxona va 700ga yaqin xizmat ko'rsatish ob'ektlari joylashgan. “Namangan city” va “Smart city” bunyodkorlik loyihalari ham shu go'shada barpo etiladi.
“Raqamli O'zbekiston-2030” strategiyasi doirasida Davlatobod tumanini raqamli transformatsiya qilish loyihasini amalga oshirish bo'yicha yo'l xaritasi tasdiqlandi. Tumanda informatika va axborot texnologiyalari fanlarini chuqurlashtirib o'qitishga ixtisoslashtirilgan maktab hamda raqamli texnologiyalarga o'qitish hududiy o'quv markazi tashkil etiladi.

Sessiyada tashkiliy masala ko'rildi. Shu paytga qadar Namangan viloyati hokimligining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo'jalik masalalari kotibiyati mudiri etib ishlab kelgan Anvarjon Abduvohidovich Tojimirzayev Davlatobod tumani hokimi etib tayinlandi.
Anvarjon Tojimirzayev 1978 yil 17 fevral kuni Namangan shahrida tavallud topgan. Ma'lumoti oliy, 2000 yilda Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi binolar va sanoat inshootlari quruvchisi, o'qituvchi-pedagog.

shahar hokimligining kapital qurilish, kommunikatsiyalar kommunal xo'jalik va obodonlashtirish masalalari kotibiyati mutaxassisi, yetakchi mutaxassisi, Namangan viloyati hokimligining kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo'jalik va obodonlashtirish masalalari kotibiyati yetakchi mutaxassisi, mudiri, Namangan shahar hokimligining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo'jalik masalalari bo'limi bosh mutaxassisi, Namangan shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo'jalik masalalari bo'yicha o'rinbosari, “O'ztransgaz” aksionerlik jamiyati Namangan viloyati hududiy gaz ta'minoti filiali boshlig'i vazifasini bajaruvchi vazifalarida ishlagan.
2020 yildan hozirga qadar Namangan viloyati hokimligining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo'jalik masalalari kotibiyati mudiri lavozimida ishlab kelayotgandi.

Anvarjon Tojimirzayev Namangan shahar hokimining 2020 yil 14 noyabrdagi qarori bilan Davlatobod tumani hokimi etib tayinlandi va tuman Kengashi deputatlari tomonidan lavozimiga tasdiqlandi.
Shuningdek, sessiyada yangi tashkil etilgan Davlatobod tumani prokurori etib Muhammadali Qirg'izboyev, tuman ichki ishlar bo'limi boshlig'i lavozimiga Umid Boyxonov tayinlandilar.

Sessiyada Oliy Majlis Senati a'zolari Ikromxon Najmiddinov, Anna Dobrix, yangi tumandagi To'quvchi, Yuksalish va Guliston mahalla fuqarolar yig'inlari raislari Sabohatxon Shokirova, Karima Jo'rayevalar so'zga chiqib, Prezidentimiz tashabbuslari bilan yangi tumanni tashkil etilishi eng avvalo, aholi farovonligini yanada yuksaltirish, Davlatobod hududini infratuzilmasini rivojlantirishda tarixiy ahamiyat kasb etajagini bildirdilar.
Sessiya ishida Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi va so'zga chiqdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga