Huawei 1
Do‘konlarda sotilgan sifatsiz non uchun kim javobgar bo‘ladi?

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi axborot xizmati mas’ul vakili Umida Mansurova non va non mahsulotlarini sotishning talablari haqida ma'lumot berdi.  

Qayd etilishicha, non va non mahsulotlarini sotishning belgilangan talablari mavjud. Jumladan, ixtisoslashtirilgan non do‘konining savdo zalida yoki non mahsuloti savdosini amalga oshiruvchi bo‘limda ko‘rinarli joyga mahsulotning tayyorlovchilari, olib kelish jadvallari, non mahsulotlarini sotish muddatlari, parhezbop non mahsulotlari va yangi turdagi mahsulotlarning xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lishi lozim. 

Yetkazib beruvchining ilova hujjatida ushbu tovarlar to‘g‘risida “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 5 va 6-moddalarida nazarda tutilgan to‘liq ma’lumotlar bo‘lishi lozim. Non va non-bulka mahsulotlari savdosini amalga oshiruvchi savdo korxonalarida belgilangan ish soatlarida assortiment ro‘yxatida nazarda tutilgan assortimentdagi non va non-bulka mahsulotlari bo‘lishi kerak.  

Amaldagi texnik reglamentlar yoki standartlar talablariga muvofiq bo‘lmagan, shuningdek noto‘g‘ri saqlash tufayli buzilganlik belgilari bo‘lgan non, non-bulka mahsulotlarini sotish taqiqlanadi. Non mahsuloti savdo ob’ektlarida noto‘g‘ri saqlangani tufayli buzilgan taqdirda buning uchun savdo ob’ektlari javob beradi.  

Mavjud qonunchilikka asosan, sifatsiz non yoki non mahsulotlari sotilgan taqdirda sotuvchi xodimlar xaridor talabi asosida sotuvchi uni almashtirib berishi yoki pulini qaytarib berishi kerak. Xaridorlar tomonidan qaytarib berilgan non va non-bulka mahsulotlari sanitariya jihatidan yaroqsiz hisoblanadi. Zararlangan mahsulotlar sotuvdan olinib, amaldagi qoidalarga asosan yo‘q qilinadi va dalolatnoma tuziladi.  

Iste’molchi sifatsiz non sotib olganda 24 soat ichida uni sifatlisiga, albatta nazorat kassa cheki bilan almashtirib olish huquqiga ega.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga