DTM boshqarma boshlig'i abituriyentlarning hujjat topshirish bilan bog'liq savollariga javob berdi
Bugun AOKA huzuridagi shtabda Davlat test markazi boshqarma boshlig'i Diyorbek Qo'chqorov ishtirokida brifing o'tkazildi.
Brifinda muhim savollar yuzasidan javob qaytarildi.
Abituriyentlar hozir bitirganlik haqida diplomni qo'lga olgani yo'q, bu esa OTMga hujjat topshirish uchun to'sqinlik qilyapti. Agar 20-iyulgacha diplomni olmasa, nima bo'ladi?
Karantin cheklovlari joriy etilgani sababli, joriy yil bitiruvchilariga shahodatnoma va diplomlar elektron shaklda yetkazilishi, asl nusxalari esa epidemiologik vaziyat yaxshilanganidan keyin topshirilishi belgilandi.
Joriy yil bitiruvchilariga qulaylik yaratish maqsadida ularning tugatgan ta'lim muassasasi bo'yicha ma'lumotlari tegishli vazirliklardan, ya'ni, umumta'lim maktablari bitiruvchilarining ma'lumotlari Xalq ta'limi vazirligidan, akademik litsey va kasb-hunar-kollejlari bitiruvchilarining ma'lumotlari Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligidan olinmoqda.
Ular ro'yxatdan o'tishda tugatgan ta'lim muassasasi ma'lumotlarini kiritmaydi.
Oliy harbiy ta'lim muassasalariga nomzodlar fanlar ketma-ketligiga mos yana beshta bakalavriat yo'nalishlari bo'yicha uchta ta'lim shakli (kunduzgi, kechki, sirtqi)dan istalgan birini tanlashi mumkinmi? Yoki faqat kunduzgi ta'lim bo'yicha hujjat topshiradimi?
Davlat komissiyasining 1-son bayoniga muvofiq, nomzodlarga oliy harbiy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish bo'yicha ro'yxatdan o'tishda test topshiradigan fanlari majmuasi va ketma-ketligi bir xil bo'lgan harbiy bo'lmagan oliy ta'lim muassasalarining beshtagacha bakalavriat ta'lim yo'nalishlarini tanlash huquqi beriladi.
Bunda nomzodlar beshtagacha bakalavriat ta'lim yo'nalishlarini uchta ta'lim shakli (kunduzgi, kechki, sirtqi)dan istalgan biri bo'yicha tanlashlari mumkin.
Men topshirayotgan yo'nalishdan faqat 2 tagina universitet chiqayapti, qolganlari chiqmayapti, nima qilishim kerak?
Davlat komissiyasining 1-son bayoni bilan 2020/2021 o'quv yilida O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga davlat buyurtmasi asosida o'qishga qabul qilish parametrlari ta'lim shakli, ta'lim yo'nalishlari va o'qitish tillari bo'yicha taqsimlangan.
Abitur.dtm.uz saytida abituriyentlarni onlayn ro'yxatga olish mazkur qabul parametrlari asosida amalga oshiriladi.
Bunda oliy ta'lim muassasasi uchun qabul parametrlari ajratilgan bo'lsa, dasturda avtomatik chiqadi. Agar oliy ta'lim muassasasi uchun qabul parametrlari ajratilmagan bo'lsa, dasturda chiqmaydi.
Otasi yo'q, onasi bilan yog'iz yashaydigan yoshlarga yoki ota-onasi vafot etganlarga qanday imtiyozlar bor?
Prezidentning 2019 yil 22 apreldagi PQ-4296-son “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” qaroriga asosan oliy ta'lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan «Mehribonlik» uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo'lgan chin yetimlar uchun qo'shimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalari ajratiladi.
Shuningdek, ular test sinovlari uchun to'lovdan ham ozod etilgan.
Agar ular «Mehribonlik» uyi yoki Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo'lsa, mazkur imtiyozlardan foydalanishlari mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 72509 | Инструменты