Elektron sigaretadagi xushbo‘ylik undagi moddalarning zararlilik xususiyatini yana-da oshiradi

Elektron sigaretalar – ko‘p va bir marta ishlatiladigan moslamalar bo‘lib, ular elektr toki (akkumulyator) yordamida nikotinli suyuqliklarni qizdiradi hamda isteʼmolchi nafas oladigan tutunni hosil qiladi.

— Elektron sigaretalar veyp, elektron sigara, elektron chilim, deb ham ataladi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurov. — Ular tarkibida nikotin miqdori 0 mg/ml dan 66 mg/mlgacha va undan yuqori bo‘lishi mumkin. Bu – nikotin miqdori odatiy sigaretadan kamida ikki marta ko‘proq degani.

Chekuvchining organizmiga salbiy taʼsir qiladigan nikotin miqdori, uning konsentratsiyasidan tashqari, bir necha omilga bog‘liq. Moslama ishlab chiqaradigan elektr quvvati, tortish usuli, chekuvchi tomonidan suyuqlikka turli qo‘shimchalarni qo‘shish nikotin miqdorini oshirishi mumkin.

Nikotin – odamlarda jismoniy va ruhiy qaramlikni chaqiradi. Qolaversa, yurakka va markaziy asab tizimiga tez taʼsir qiluvchi zahar hisoblanadi.

Nikotin tamaki tarkibidagi asosiy narkotik modda bo‘lib, zamonaviy sigaretalar tuzilmalarining o‘ziga xos xususiyatlari tufayli qaramlik xavfini orttiradi. Bu – giyohvand moddalar keltirib chiqaradigan xavfdan ham yuqori.

Elektron sigaretadagi suyuqliklarda nikotin miqdori turlicha bo‘lishidan tashqari, ular tarkibida suv, propilenglikol, glitserin, aromatizatorlar va boshqa birikmalar mavjud.

Ushbu moddalar bug‘lanish jarayonida turli birikmalarni hosil qiladi va ularning baʼzilari o‘ta zaharli hisoblanadi.

Ayniqsa, aromatizatorlar elektron sigaretalardagi moddalarning zararlilik xususiyatini yana-da kuchaytiradi.

Shuningdek, ular nikotinli aerozolning achchiq, yoqimsiz taʼmi va hidini yashiradi. Bu esa atrofdagilarda elektron sigaretalarni sinab ko‘rishga moyillikni oshiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72714 | Инструменты