Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona viloyati hududida huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda “Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazildi.
Viloyat hududida olib borilgan faol tadbirlar doirasida 86 ta jinoiy, 853 ta ma’muriy, jami 939 ta holatlar aniqlandi. 98 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 889 nafar shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi. 49 ta jinoyatlar fosh etilib, 31 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi. 1 167 nafar shaxslar rasmiy ogohlantirildi.
Qo‘lga olingan jinoiy guruh va shaxslardan 3 kg 376 gr giyohvandlik vositalari, 2 331 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, 17 ta noqonuniy qurol, 344 dona tig‘li buyumlar olinib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Olib borilgan tadbirlar davomida Rishton tumanida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olindi. U erkaklar kiyim do‘koniga kirib, sotib olmoqchi bo‘lgan mahsulotlarini nasiyaga berishni talab qilgan. Sotuvchi bunga ko‘nmagach, uni sha’ni va qadr qimmatini kamsituvchi so‘zlar bilan haqoratlab, qo‘l-oyoqlari bilan urib do‘pposlagan. Natijada do‘kon sotuvchisi jarohatlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Farg‘ona tumanida o‘tkazilgan “nazorat ostida olish” tadbiri davomida esa maxsus xaridorga 2300 AQSh dollari evaziga 500 gramm giyohvandlik moddasini sotayotgan shaxs qo‘lga olindi. Uning yashash xonadonida keyinchalik sotish maqsadida saqlab kelinayotgan giyohvandlik moddasi olinib, kimyoviy ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, sof og‘irligi 1 kg 470 gr “marixuana” giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlandi.
Oltiariq tumanida olib borilgan tezkor tadbir davomida, noqonuniy elektr energiyasidan foydalanish holatiga chek qo‘yildi. Qo‘rg‘oncha mahallasi hududida joylashgan bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi tarmoqqa ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan holda davlatga 1 897 533 734 so‘m miqdorda zarar yetkazganligi aniqlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Yer resurslarini talon-toroj qilish holatlarining oldini olish yuzasidan Uchko‘prik tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, 1968 yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olindi. U Kenagas mahallasi hududida joylashgan 90 sotix qismi noturar va 1 gektar 60 sotixi davlat zaxirasida bo‘lgan jami 2,5 gektar yer maydonini 650 000 AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 100 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari mamlakatning boshqa hududlarida ham davom ettiriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21602 | Инструменты