Farg'ona viloyatining Buvayda tumanida o'zaro kelishmovchilik saba erkak o'z xotiniga bolta bilan jarohat yetkazdi. Jinoyat ishlari bo'yicha Beshariq tuman sudida ushbu holat ko'rib chiqilib, sud hukmi e'lon qilindi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro R.E. spirtli ichimlikka ruju qo‘yib, keyin tuzalish yo‘liga o‘tgan bo‘lsa-da, turmush o‘rtog‘i va farzandlari turli kinoyali gaplarni gapiravergan. Bir safar o‘g‘liga pichoq bilan tahdid qilgani uchun o‘g‘il IIBga ariza bilan murojaat qilgan va sudda otaga nisbatan jarima jazosi tayinlangan. Shundan keyin ham oiladagi muhit yaxshilanmagan.
So‘ngra 2022-yilning oxirlarida fuqaro R.E. rafiqasi yana turli gaplarni aytganidan g‘azablanib, uning hojatxonadan chiqib kelishini poylab turgan va ayoliga ajoyib sovg‘a tayyorlab qo‘yganini aytgan.
Xotin qanaqa sovg‘a ekanini so‘raganida, erkak uni yerga yiqitib, o‘sha yerda turgan boltaning orqa tarafi bilan ayolning peshonasiga urib, unga tan jarohati yetkazgan. Natijada ayol eri yana urmoqchi bo‘lganida o‘zini himoya qilgan va farzandlari yetib kelib, boltani tortib olgan.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasida ayolga o‘rta og‘ir tan jarohati yetkazilgani aniqlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, jabrlanuvchiga davolanishi uchun qaynotasi 1,5 ming AQSH dollari bergan.
Ushbu jinoyat ishi JIB Beshariq tuman sudida ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, ayblanuvchi R.E. JKning 105-moddasi 2-qismi "m" bandi (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan aybli deb topilib, 3 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 72509 | Инструменты