Joriy yil 24-iyul kuni O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan Pedagoglar mehnat ta’tili bo‘yicha hujjat loyihasi ishlab chiqilib, tegishli vazirliklar bilan kelishilgach, Ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasiga taqdim etildi.
Natijada, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan "pedagog xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili davomiyligi me’yorlari"ga muvofiq pedagog xodimlar uchun uzaytirilgan yillik mehnat ta’tillari berilishi belgilandi.
Tizimdagi boshqa xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili va qo‘shimcha ta’tillar davomiyligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining 2023 yil 27 iyundagi 23-qq va 10-7 “s” – sonli qarorlariga muvofiq berilishi belgilandi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, pedagog xodimlarga ta’til kunlari va to‘lovlarni to‘g‘ri berilishi bo‘yicha Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan tizimli monitoring yo‘lga qo‘yildi.
Shuni ham alohida ta’kidlash zarurki, Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan barcha hududlarda pedagoglarning mehnat ta’tillari bilan bog‘liq buyruqlar o‘rganilib, tahlil etildi hamda ZOOM platformasi orqali tarmoq kasaba uyushmalarining barcha tuman va shahar kengashlari raislari uchun yig‘ilishlar va taqdimotlar tashkil etildi. Barcha xududlarda pedagoglarning ta’tillarini rasmiylashtirish, ta’til pullarini berish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, pedagoglar va boshqa xodimlarning ta’til pullarini qayta hisoblash, ta’til bo‘yicha buyruqlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, ta’til pullarining to‘liq to‘lanishi bo‘yicha tarmoq kasaba kasaba uyushmasi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, 9403 ta ta’lim muassasasida pedagoglarning ta’tillariga oid buyruqlar o‘rganildi, shundan 656 ta buyruqni rasmiylashtirishda xatoliklar aniqlandi va ushbu xatoliklar joyida bartaraf etilib, pedagoglarga ta’til bilan bog‘liq tegishli mablag‘lar undirib berildi. Shuningdek, 20 ming 550 nafar pedagog xodimning "ta’til olish huquqim buzildi" mazmunidagi murojaatlari o‘rganilib, ular bo‘yicha tushuntirishlar va bepul huquqiy maslahatlar berish bilan birga qonuniy huquqlari tiklandi.
Natijada Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi sa’y-harakatlari bilan, 8 ming 243 nafar pedagog xodimning ta’til pullari qayta hisob-kitob qilinib, pedagoglar foydasiga 7 mlrd 825 mln 86 ming so‘m mablag‘ undirib berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61909 | Инструменты