Havo harorati keskin pasaygan davrda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida boshqa toifadagi iste’molchilarga belgilangan tartibda vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha obyektlari va strategik ahamiyatga ega iste’molchilarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi. Bu haqda Energetika vazirligi ma'lum qildi.
Unga ko'ra, mazkur qaror 1-oktyabrdan 2027-yil 31-martgacha amal qiladi. Unda mavjud tabiiy gaz resurslarini oqilona taqsimlash, birinchi navbatda, aholi xonadonlari, maktablar, bogʻchalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy soha obyektlarini barqaror gaz bilan ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan.
Bu borada Energetika vazirligi, “Oʻztransgaz”, “Hududgazta’minot” va boshqa mas’ul tashkilotlar bilan gaz resurslari hamda ob-havo sharoitidan kelib chiqib, yetkazib berishning 10 kunlik va kunlik jadvallarini ishlab chiqadi. Ushbu jadvallar har oyning 25-sanasigacha kuz-qish mavsumini betalofat oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritiladi.
Shuningdek, magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi yoki gaz resurslari hajmida kutilmagan oʻzgarishlar yuz bergan taqdirda, gaz taqsimotini tezkor qayta koʻrib chiqish choralari koʻriladi. Bunda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash ustuvorligi saqlab qolinadi.
Kuz-qish mavsumini betalofat oʻtkazish boʻyicha Respublika komissiyasi har oyning oxirgi kuniga qadar keyingi oy uchun hududlar va yirik ulgurji iste’molchilar kesimida tabiiy gaz yetkazib berish jadvallarini tasdiqlaydi.
Havo harorati keskin pasaygan davrda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida boshqa toifadagi iste’molchilarga belgilangan tartibda vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111414 | Инструменты