Joriy yilning 14-16 noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan UNESCO'ning “Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish” bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasining elchisi etib xonanda Lola Yo‘ldosheva tayinlandi.
Bu bo'yicha, 12-oktyabr kuni Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin unga elchilik sertifikatini topshirdi.
“Bu tasodifiy tanlov emas, negaki maftunkor xonandamiz bu vazifa uchun munosib nomzod. Vazirligimiz o‘z faoliyatini boshlagan dastlabki davrda tashkil etgan tadbirlarimizdanoq Lola biz bilan birga. Menimcha u bizning vazirlik tizimidagi eng go‘zal va maftunkor qiyofa”, - deya ta'kidladi vazir.
Lola Yo‘ldosheva esa Instagram sahifasida konferensiya elchisi bo‘lish u uchun mas’uliyatli va muhim vazifa ekanini yozib qoldirdi.
“Do‘stlar, hayajon va quvonch ila sizlar bilan muhim yangilikni bo‘lishmoqchiman. Men UNESCO'ning “Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish” bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasining elchisi bo‘ldim. Menga bildirilgan ishonch uchun Maktabgacha ta’lim vazirligiga minnatdorchilik bildiraman.
Bu men uchun katta mas’uliyat va muhim missiya. Umid qilamanki, yuqori daraja va keng miqyosdagi bunday anjuman kuzatuvchilarimni maktabgacha ta’limning mamlakatimiz uchun alohida ahamiyatga ega ekaniga ishontirishga yordam beradi.
O‘zbekiston bu yil global voqealar xaritasida muhim nuqtaga aylandi. Men g‘urur bilan maktabgacha ta’lim sohasi rivojlanishi uchun dunyoga yangi turtki beradigan jamoa a’zosiga aylandim”, - deya postiga izoh yozadi Lola Yo'ldosheva.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121516 | Инструменты