Huawei 1
Maktabgacha taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilindi

Senatning Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisi o‘tkazildi.

Unda  Surxondaryo viloyatida maktabgacha taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish va bolalarning to‘liq qamrovini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilindi.

Majlisda Qo‘mita aʼzolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari aʼzolari, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi markaziy apparati xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar, hududiy maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda respublika bo‘yicha maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni hamda bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrovi darajasi oshgan. Xususan, 2017-yilda respublika bo‘yicha jami 5 211 ta maktabgacha taʼlim tashkilotiga 708 247 nafar bola (3-7 yoshdagi bolalarning 27,7 foizi) jalb etilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib 38 058 ta maktabgacha taʼlim tashkilotiga 2 349 994 nafar bola (77,0 foiz) qamrab olingan.

Surxondaryo viloyatida maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 2017-yilda 294 tani tashkil etgan bo‘lsa, bolalarning qamrovi 29 254 nafar bo‘lgan. 2025-yilga kelib maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 3 105 tani (o‘sish 10,5 baravar) tashkil etgani holda 182 284 nafar (68,0 foiz) bola maktabgacha taʼlimga qamrab olingan.

O‘rganilgan hududlarda bolalarni boshlang‘ich taʼlimga sifatli tayyorlash, sog‘lom va barkamol tarbiyalanuvchilarni voyaga yetkazish, kelgusida muvaffaqiyatli o‘quv faoliyati uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida majburiy bepul tayyorlov guruhlarining manzilli ro‘yxati hamda ularga qamrab olinadigan bolalar ro‘yxati shakllantirilgan.

Xususan, 6 yoshli bolalarning 25 375  nafari (6 017 ta guruh) maktabga tayyorlov guruhlariga, 23 140 nafari (1 134 ta guruh) boshlang‘ich taʼlimga bir yillik majburiy tayyorlov guruhlariga, 2 923 nafari (468 ta guruh) qisqa muddatli guruhlarga, 156 nafari mobil guruhlarga qamrab olingan.

Shu bilan birga, senatorlar tomonidan maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi qayd etildi.

Jumladan, Surxondaryo viloyatida maktabgacha yoshdagi bolalarning maktabgacha taʼlimga qamrovi o‘tgan yillarga nisbatan oshgan bo‘lsa-da, respublikada eng oxirgi o‘rinlarda qolmoqda. Denov tumanida bolalarning 44,1 foizi, Boysun tumanida 37,6 foizi, Sariosiyo tumanida 37 foizi, Sherobod tumanida 35 foizi, Oltinsoy tumanida 34,8 foizi hamda Uzun tumanida 33 foizi maktabgacha taʼlimga qamrab olinmagan. 

Shuningdek, senatorlar tomonidan ayrim maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Ilk qadam” davlat dasturi doirasida 5 ta rivojlanish sohasi bo‘yicha bolalarning rivojlanishi xaritalari to‘liq yuritilmaganligi, viloyatdagi 33 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti moslashtirilgan binolarda faoliyat olib borayotganligi, ayrim maktabgacha taʼlim tashkilotlarining binolari eski, taʼmirtalab bo‘lib qolganligi qayd etildi.

Majlis yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan Qo‘mitaning qarori qabul qilindi va unda vazirlik, tashkilotlarga hamda Surxondaryo viloyati hokimligiga viloyatda maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrovini oshirish, mavjud maktabgacha taʼlim tashkilotlarini zarur infratuzilma bilan taʼminlash yuzasidan tegishli vazifa va tavsiyalar berildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62510 | Инструменты