Huawei 1
"Mojoro boshlangandan beri Isroilda tahsil olayotgan 70 nafar talabalarimiz Vatanga qaytarildi" — Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari

Isroilda 10,5 mingdan ziyod o'zbekistonlik yashaydi. Bu haqda Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 2023-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha axborotini eshitishga bag‘ishlangan majlisda Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Bahromjon A'loyev ma'lum qildi.

Majlisda qayd etilishicha, iqtisodiy diplomatiya sohasida turli darajadagi 2,5 mingdan ortiq ikki tomonlama muzokara va tadbirlar o‘tkazilgan. Ular doirasida umumiy qiymati 58 milliard dollardan ortiq investitsiya loyihalari va savdo bitimlarini ishlab chiqishda amaliy yordam ko‘rsatilgan. O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari tashabbusi bilan umumiy qiymati 114,5 million dollarlik 22 grant loyihasi amalga oshirilgan.    

O‘tkazilgan tahlillar natijalariga ko‘ra, 2023-yil 1-iyul holatiga Prezidentning Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan takroriy murojaatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravar oshgan. Fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishga yuzaki yondashish holatlari uchrab turibdi.  

Senatorlar vazirlikning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini bugungi kun talabidan kelib chiqib, tubdan qayta ko‘rib chiqish lozimligiga to‘xtalib o‘tdi. 

Prezident va Senat qarorlarida belgilangan ayrim vazifalar o‘z vaqtida va to‘liq bajarilmagani masalasiga ham parlament a’zolari e’tibor qaratdi. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi.  

Majlisda, shuningdek, Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Bahromjon A'loyev Isroil hamda Falastindagi o'zbekistonliklar haqida ham ma'lumot berdi.

"Isroilda 10,5 mingdan ziyod o'zbekistonlik yashaydi. Bularning aksariyati Samarqand viloyati fuqarolari bo'lib, ulardan 95 foizi keksa yoshdagi shaxslarga xizmat ko'rsatadigan fuqarolardir. Mojoro boshlangandan beri O'zbekistonning Isroildagi elchixonasi u yerdagi fuqarolarimiz bilan doimiy aloqada bo'lib turibdi. Isroilda tahsil olayotgan 70 nafar talabalarimiz Vatanga qaytarildi. Shundan Samarqand davlat universitetidan borgan 6 nafar talaba qaytishni xohlamagan. U talabalar bilan ham muloqot olib bormoqdamiz, imkon bo'lsa ularni ham O'zbekistonga qaytaramiz. O'zbekiston havo yo'llari bugungi kunda Isroilga haftada 3 marta qatnovlarni amalga oshirmoqda. Biroq, keksa fuqarolarga qarab daromad olayotgan ko'pchilik fuqarolarimiz Vatanga qaytishni xohlashmayapti. Negaki, ular moddiy qiyinchilik sabab Isroilda qolib, ishlashga majbur bo'lmoqda.

Shuningdek, Falastinda bizning qancha fuqarolarimiz borligi haqida aniq ma'lumot yo'q. Lekin biz oldingi ma'lumotlarga tayanib aytishimiz mumkinki, u yerda b'azi bir turmushga chiqqan ayolllarimiz bo'lishi mumkin", deydi vazir o'rinbosari.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110718 | Инструменты