Namangan viloyatida 5,4 milliard dollarlik yangi investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

Joriy yil yakuniga qadar viloyatga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar 5,4 milliard dollarga, eksport hajmi esa 1,2 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Kelgusi yilda iqtisodiyotni 9,5 foizga o‘stirish, investitsiyalarni 7-8 milliard dollarga, eksportni esa 1,3 milliard dollarga olib chiqish maqsad qilingan. Bu yo'nalishda umumiy qiymati 5,4 milliard dollarlik yangi investitsiya takliflari shakllantirilgan bo'lib, davlat rahbari tomonidan ushbu tashabbuslarni aniq loyihalarga aylantirish va qatʼiy nazoratga olish topshirildi.

Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish dasturlari doirasida qator yirik obyektlar barpo etilishi ko'zda tutilgan. Xususan, Namangan xalqaro aeroporti modernizatsiya qilinib, soatiga 1,2 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi terminal va kargo infratuzilmasi ishga tushiriladi. Chust tumanida to‘qimachilik bo‘yoqlari, chiqindidan energiya olish va bazalt materiallari ishlab chiqarish bo'yicha qiymati 535 million dollarlik loyihalar, shuningdek, Yangi Namangan shaharchasida IT-park hamda 50 ming xonadonli turar joylar qurilishi amalga oshirilmoqda.

Qishloq xo‘jaligida mavjud 183 ming gektar yer salohiyatidan samarali foydalanish, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash va kooperatsiyani kuchaytirish masalalari tahlil qilindi. Xususan, bu borada Toʻraqoʻrgʻonda 70 ming bosh qoʻyga moʻljallangan zamonaviy klaster faoliyati, Kosonsoyda 25 ming bosh qoramol boqiladigan yirik chorvachilik kompleksi hamda bir qator tumanlarda parrandachilik majmualarini barpo etish rejalari ko'rib chiqildi. Shuningdek, Chust tumanida xorijiy hamkorlar ishtirokida agroinnovatsiya va agroturizmni birlashtirgan innovatsion dehqonchilik maktabi tashkil etilishi belgilandi.

Aholi bandligini ta'minlash doirasida yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish va xalqaro mehnat bozoriga tayyorlash ustuvor vazifa sifatida qayd etildi. Kelgusi yilda 10 ming nafar yoshlarni maqsadli til va kasbiy tayyorgarlikdan o'tkazib, Yaponiya va Germaniyada ishga joylashtirish hamda mintaqa aholisining o‘rtacha daromadini 9,6 million so‘mga yetkazish vazifasi qo'yildi. Bundan tashqari, turizm va xizmat ko'rsatish sohalarini kengaytirish maqsadida Pop tumanida yiliga 1,5 million sayyohni jalb qiluvchi “Arashan” majmuasini barpo etish, Chustda 4 mingta ish o'rni yaratadigan Hunarmandlar shaharchasini qurish hamda tun-u kun ishlaydigan savdo ko‘chalari tarmog'ini 50 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, chekka hududlar aholisiga qulaylik yaratish maqsadida Norin tumanidagi axborot va xizmat markazi tajribasini barcha tumanlarda joriy qilish hamda Koreya Respublikasi tajribasi asosida “Aqlli qishloq” loyihalarini rivojlantirish belgilandi. Yig‘ilish yakunida mas'ullarga yirik loyihalarni o‘z vaqtida yakunlash, barqaror daromad manbalarini ko‘paytirish va aholini qiynayotgan muammolarga manzilli yechim topish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111821 | Инструменты