Huawei 1
O‘zbek shifokorlari siam egizaklarini shoshilinch ravishda noyob operatsiya orqali ajratib oldi

Chirchiq shahrida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filialida noyob operatsiya o‘tkazildi.

Homiladorlikning 33-34-haftasida “kesarcha kesish” yo‘li bilan muddatidan avval dunyoga kelgan siam egizaklari tug‘uruqdan 9 soat o‘tib, shoshilinch ravishda, ustiga-ustak, mahalliy sharoitda o‘ta murakkab amaliyot orqali ajratib olindi.

Besh soat davom etgan yuqori texnologik operatsiya Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi bir guruh malakali mutaxassislar tomonidan bajarildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov ushbu chaqaloqlar holidan xabar oldi.

— Bunday o‘ta murakkab amaliyotlar hamma davlatlarda ham amalga oshirilavermaydi, — dedi vazir. — Hatto, tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlarda ham uzoq muddatli tahlillar va katta tayyorgarlikdan so‘ng bajariladi. Chunki bu — o‘ta noyob operatsiya. Mana shunday muddatidan avval tug‘ilgan siam egizaklarining shoshilinch ravishda hamda viloyat darajasida muvaffaqiyatli ajratib olinishi mamlakatimiz tibbiyoti yangi bosqichga ko‘tarilganining yorqin dalilidir.

Siam egizaklarini ajratib olish operatsiyasida ishtirok etgan bir guruh mutaxassislar vazir A.Xudayarov tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash aʼlochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Salomatligi yaxshilangan jajji bemorlar va ularning onasiga bugun shifoxonadan uyiga javob berildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100913 | Инструменты