Huawei 1
1-iyuldan boshlab pensiya va nafaqalar miqdori qanchaga oshiriladi?

Avvalroq prezident farmoni bilan O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va nafaqalar hamda stipendiya miqdorlari oshirilishi haqida xabar berilgandi. Bunda pensiyalar, nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari 1-iyuldan, ish haqi va stipendiyalar esa 1-avgustdan 10% ga oshiriladi.

Hujjat bilan joriy yilning 1-iyulidan boshlab fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiya va nafaqalar miqdorlari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori oyiga 1 mln 12 ming so‘m, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — 820 ming so‘m etib belgilandi.

Shu bilan birga, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori ham qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda 820 ming so‘mni tashkil etadi.

Boshqa pensiya va nafaqalar miqdori quyidagicha:

  • mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — 1 mln 12 ming so‘m;

  • 1941−1945-yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori (ustamalarni inobatga olgan holda) — 4 mln 462 ming so‘m;

  • belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (918 ming so‘mdan) 1 mln 12 ming so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori — 1 mln 12 ming so‘m;

  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — 820 ming so‘m.

Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori oyiga 820 ming so‘m etib belgilanadi. Keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 270 ming so‘mdan qo‘shiladi.

Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori 820 ming so‘mni tashkil etib, keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibda pensiya to‘lanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60622 | Инструменты