2027-yilda asosiy soliq stavkalarini o‘zgarishsiz saqlab qolish, yalpi ichki mahsulot hajmini 232 milliard dollarga yetkazish va inflyatsiyani 6 foizgacha pasaytirish rejalashtirilmoqda.
Prezident raisligida 13-noyabr kuni o'tkazilgan yig'ilishda 2027-yilgi davlat budjeti va soliq siyosati loyihasi ko'rib chiqildi. Kelgusi yilda asosiy soliq stavkalarini o‘zgarishsiz saqlash, budjet daromadlarini 416 trillion, xarajatlarini esa 464 trillion so‘m etib belgilash hamda ijtimoiy sohalarga jami 176 trillion so‘mga yaqin mablag' ajratish ko‘zda tutilmoqda.
Davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda 2027-yilga mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko'rsatkichlar ochiqlandi. Unga ko'ra, yalpi ichki mahsulot hajmini 232 milliard dollarga yetkazish hamda iqtisodiyotning yillik o‘sish sur’atlarini kamida 7 foiz darajasida ta’minlash prognoz qilinmoqda. Asosiy soliq stavkalari o'zgarmagan sharoitda budjet daromadlarini oshirish uchun iqtisodiy faollikni rag'batlantirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish hamda raqamlashtirish va sun'iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali soliq va bojxona ma'murchiligini takomillashtirish vazifasi qo'yildi.
Hududlar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta'minlash, inson kapitalini rivojlantirish hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirish uchun 70 trillion so‘m ajratilishi belgilanmoqda. Makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash maqsadida inflyatsiya darajasini 6 foizdan oshirmaslik, 2028–2029-yillarda 5 foizgacha pasaytirish va umumiy fiskal taqchillikni yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz doirasida saqlash rejalashtirilgan.
Yig'ilish davomida 2027-yilda xorijdan 65 milliard dollar investitsiya jalb qilish va oltinsiz eksport hajmini qariyb 40 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingani qayd etildi. Davlat budjeti mablag‘laridan samarali foydalanishni ta'minlash uchun investitsiya dasturi doirasidagi qurilish loyihalarida mablag‘lar sarfini to‘liq kuzatib boruvchi raqamli nazorat tizimi sinov tariqasida joriy etilishi belgilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111322 | Инструменты