Huawei 2
O‘zbekistonda ichki ishlar organlari faoliyatida dronlardan foydalanish joriy etiladi

O‘zbekistonda ichki ishlar organlari faoliyatida dronlardan foydalanish joriy etilmoqda

Bu tizim xodimlariga yengillik yaratish maqsadida amalga oshirilib, qurilma IIOga favqulodda vaziyat haqida tezkor ma’lumot olish va tezroq bartaraf etish imkonini berib, vaqtni va resurslarni tejaydi, xarajatlarni kamaytiradi.

“IIV Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan hududlarda xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari, yo‘l-patrul xizmati inspektorlari, IIOlarning boshqa sohaviy xizmatlari xodimlarini o‘qitish bo‘yicha uchta maxsus ishchi guruh tuzilgan”, — deydi IIV Axborot texnologiyalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Shohrux Muxtorov.

Tasdiqlangan rejaga asosan, Andijon viloyati IIB va hududiy tuzilmalari xodimlari uchun nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ularda xodimlarga dronlarning turlari, taktik-texnik tasniflari hamda ishlatish tartibi haqida tushuntirishlar berilgan.

Xizmat vazifasini bajatishda texnologiyalardan foydalanish orqali jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va oldini olish borasidagi ko‘nikmalar shakllantirilgan.

“Ichki ishlar xodimlarini dronlardan foydalanishga o‘qitishda hududda ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda tirbandliklarni bartaraf etish, mahallalarda kriminogen vaziyatdan tezkor xabardor bo‘lish kabi salbiy xatti-harakatlarga qarshi kurashish asosiy tamoyillar sifatida belgilangan”, — deydi Shohrux Muxtorov.

Uning qayd etishicha, yo‘l harakati xavfsizligi tizimida uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish yuqori samaradorlikka imkoniyat yaratadi.

Xususan, yo‘l-transport hodisalari, yo‘llarda qoidabuzarliklarni aniqlash, qidiruv-qutqaruv, jumladan, olib qochilgan va o‘g‘irlangan avtomobillarni topish imkonini beradi. Bunda tezkorlik ta’minlanib, vaqt, resurs va mablag‘lar tejaladi, deya ta’kidlaydi u.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga