Huawei 1
O'zbek milliy maqomchilik va baxshichilik san'ati Malayziyada keng targ'ib qilinadi

Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati instituti rahbari Eldor Shermanov boshchiligidagi delegatsiya Malayziyaga safari davomida ushbu mamlakatning "UCSI" universiteti rahbariyati bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

O'zbekiston elchixonasi ko'magida tashkil etilgan uchrashuvda O'zbek milliy musiqa san'ati instituti va "UCSI" universiteti o'rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, oliy ta'lim va fan sohasida ikki muassasalar o'rtasida anglashuv memorandumini imzolash, professor-o'qituvchilar va talabalar hamda madaniy almashinuv dasturlarini yo'lga qo'yish kabi masalalar muhokama etildi.

Tomonlar yaqin kelajakda xalqaro qo'shma dastur (1+1) asosida madaniyat va san'at yo'nalishida magistrlik o'quv dasturlarini yo'lga qo'yish hamda soha vakillarining malakasini oshirish bo'yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar xususida fikr almashdilar.

2025-yilda Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati instituti professor-o'qituvchilari va talabalarini Malayziyaga malaka oshirish uchun yuborish bo'yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Shuningdek, ikki mamlakat milliy madaniyati va san'ati sohasi vakillari ishtirokida qo'shma konsertlarni tashkil etish, o'zbek milliy musiqa san'ati, xususan maqom va baxshichilikni Malayziyada keng targ'ib qilishga bo'yicha ham ahdlashib olindi.

1986-yilda tashkil etilgan "UCSI" universiteti Malayziyaning yetakchi va eng yirik xususiy oliy ta'lim muassasalaridan biri sanaladi. Mazkur oliy ta'lim muassasasi "QS World University Rankings"da dunyoning eng yaxshi 300 ta universitetlari qatorida qayd etilgan. Hozir kunda "UCSI" universitetida 10 mingdan ortiq talaba, shu jumladan o'zbekistonlik yoshlar ta'lim olmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100417 | Инструменты