Huawei 1
O'zbekiston Xalqaro mehnat konferensiyasining 113-sessiyasida bir ovozdan Umumiy ishlar bo'yicha qo'mita raisi etib saylandi

Jeneva shahrida Xalqaro mehnat konferensiyasining (XMK) 113-sessiyasi o'z ishini boshladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

XMK Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) oliy organi bo'lib, unda umumiy mehnat va ijtimoiy masalalar hamda xalqaro mehnat standartlari muhokama qilinadi va tashkilotning umumiy siyosati belgilanadi. Tadbirda XMTga a'zo 187 ta davlatdan hukumatlar, ish beruvchilar va ishchilarning 3 mingdan ortiq vakillari ishtirok etmoqda.

Ta'kidlash joizki, Xalqaro mehnat tashkilotiga a'zo davlatlar delegatsiyalari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaror bilan O'zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo'linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili tarixda birinchi marta XMKning 113-sessiyasi Umumiy masalalar bo'yicha qo'mitasi (General Affairs Committee, CAG) raisi etib saylandi.

Xalqaro mehnat tashkilotining doimiy organi bo'lgan ushbu qo'mita konferensiyaning samarali faoliyatini ta'minlash, boshqaruvning murakkab masalalarini ko'rib chiqish va XMT institutsional barqarorligini ta'minlashda strategik muhim rol o'ynaydi. Xususan, u konferensiya tomonidan o'ziga havola qilingan masalalarni ko'rib chiqadi va xulosalar tayyorlaydi hamda protsessual, va tashkiliy masalalarga e'tibor qaratgan holda XMT faoliyatining turli jihatlari ustidan nazorat funksiyalarini amalga oshiradi.

O'z majlislarida qo'mita 2025-yilda Ijtimoiy rivojlanish bo'yicha Ikkinchi jahon sammitini o'tkazish to'g'risidagi rezolyutsiya loyihasini, 2006-yildagi Dengiz mehnati konvensiyasi kodeksiga qo'shimchalarni ma'qullash, shuningdek, Myanma va Xalqaro mehnat tashkiloti o'rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini hamda Falastinning tashkilot faoliyatidagi ishtiroki to'g'risidagi rezolyutsiya loyihasini ko'rib chiqadi.

O'zbekistonning Xalqaro mehnat tashkilotining asosiy qo'mitalaridan birida bunday yuksak va mas'uliyatli lavozimga saylanishi mamlakatimizning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotganidan, uning global ijtimoiy muloqotni rivojlantirishga qo'shgan faol hissasi, mehnat munosabatlari sohasidagi yutuqlari e'tirof etilganidan dalolat beradi.

Bu, shuningdek, O'zbekistonga strategik qarorlarni shakllantirishga hissa qo'shish, xalqaro mehnat huquqi tizimidagi obro'sini mustahkamlash, yaxshi boshqaruv, inson huquqlari va munosib mehnat tamoyillariga sodiqligini namoyish etish uchun noyob imkoniyat yaratadi.

Tashkilotga a'zo davlatlarning Xalqaro mehnat tashkilotidagi vakillari va uch tomonlama hamkorlari fikricha, O'zbekistonning rais lavozimiga tayinlanishi mamlakatda mehnat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bandlik sharoitlarini yaxshilash, mehnatkashlar imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, O'zbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti tamoyillariga sodiqligining e'tirofi sifatida baholanmoqda. O'zbekiston raisligida Umumiy ishlar qo'mitasi yuqori mas'uliyat, inklyuzivlik va oshkoralik bilan ish olib borishi, kun tartibidagi ustuvor masalalarning samarali ko'rib chiqilishini ta'minlash va Xalqaro mehnat tashkiloti institutsional salohiyatini yana-da mustahkamlashga ishonch bildirildi.

Xalqaro mehnat konferensiyasining 113-sessiyasi 13-iyunga qadar davom etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60622 | Инструменты