O'zbekistonda 1-iyuldan gaz va elektr-energiya narxlari oshiriladi va tabaqalashtirilgan tariflarga o'tiladi. Ya'ni ma'lum hajmdan ko'proq foydalangan honadonlar ko'proq to'laydi
Vazirlar Mahkamasining "Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Mazkur qaror loyihasi bilan 2022 yil 1 iyuldan boshlab:
Elektr energiyasi bo‘yicha:
a) aholi uchun 1 kVt.soat elektr energiyasi iste’moli oyiga 250 kVt soatgacha – 325 so‘m, 250 kVt.soatdan yuqori har 1 kVt.soat uchun – 650 so‘m (hozirda 295 so‘m) qilib belgilanmoqda;
Misol uchun, taklif etilayotgan tabaqalashtirilgan narxlarda 250 kVt.s gacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 7,5 ming so‘mgacha, 300 kVt.s gacha ishlatadigan abonentlar uchun 25 ming so‘mgacha va 400 kVt.s gacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun esa 61 ming so‘mgachani tashkil etadi.
b) 1 kVt.soat elektr energiyasi Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun – 800 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 600 so‘m qilib belgilanmoqda.
Tabiiy gaz bo‘yicha:
a) aholi uchun 1 kub m tabiiy gaz iste’moli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha – 410 so‘m, 700 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun –1 200 so‘m, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha –
410 so‘m, 200 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 200 so‘m (hozirda 380 so‘m) qilib belgilanmoqda.
Misol uchun, isitish mavsumida 700 kub m gacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 21 ming so‘mgacha, 1 000 kub m gacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 267 ming so‘mgachani tashkil etadi.
Shuningdek, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub m gacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 6 ming so‘mgacha, 300 kub m gacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 88 ming so‘mgachani tashkil etadi.
b) 1 kub m tabiiy gaz Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun – 1 300 so‘m, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun – 1 200 so‘m, issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 000 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 150 so‘m qilib belgilanmoqda.
Suyultirilgan gaz esa aholi uchun – 1 600 so‘m qilib belgilanmoqda (hozirda 1120 so‘m). Bunda, 1 abonentga bir oyda o‘rtacha 20 kg suyultirilgan gaz yetkazib berilishini hisobga olsak, abonentning qo‘shimcha xarajati bir oyda 9,6 ming so‘mni tashkil etadi. “Hududgazta’minot” AJ korxonalari suyultirilgan gazni tuman hokimliklari bilan birgalikda tasdiqlangan grafiklarga muvofiq aholiga kunma-kun yetkazib berish choralarini ko‘rmoqda.
Korxonalarni uzoq muddatli rejalashtirishga moslashtirish, operasion samaradorlikni va energotejamkorlikni oshirish hamda tannarxni pasaytirish uchun “perspektiv mo‘ljal”ni ko‘rsatish maqsadida joriy yil uchun yangi narxlar bilan birga 2023 yil 1 apreldan kuchga kiradigan yangi narxlarni ham tasdiqlash taklif etilmoqda.
Bunda, 2023 yil 1 apreldan quyidagi narxlar joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda:
a) Elektr energiyasi bo‘yicha:
- Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun 800 so‘m miqdoridagi narxni saqlab qolish;
- qolgan yuridik shaxslar uchun – 700 so‘m.
b) Tabiiy gaz bo‘yicha:
- issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 200 so‘m;
- Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun – 1 350 so‘m;
- avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun –1 400 so‘m;
- qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 350 so‘m etib belgilash.
2023 yil 1 apreldan o‘rnatiladigan yoqilg‘i-engergetika resurslarining narxlari 2024 va 2025 yillarda faqatgina inflyasiya darajasiga indeksasiya qilib boriladi, 2026 yildan boshlab esa elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga o‘tiladi hamda narxlar erkin shakllanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42910 | Инструменты