Huawei 1
O'zbekistonda koʻp xotinlikni targʻib qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Oliy Majlis Senatining qirq beshinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Maʼlumki, mamlakatda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, bu borada konstitutsiyaviy-huquqiy, qonunchilik, institutsional va amaliy kafolatlarni mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, oilalar mustahkamligini, ularda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, jamiyat farovonligini yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotganligini alohida taʼkidlash lozim.

Biroq  so‘nggi paytlarda mamlakatimizda faqatgina diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikohlar soni va buning ortidan ko‘p xotinlik holatlari ortib bormoqda. Shuningdek, reklama, ko‘ngilochar va tahliliy materiallar orqali ko‘p xotinlik va uning “afzalliklari”ni targ‘ib qilish avj olmoqda. Buning oqibatida qonuniy nikohsiz tug‘ilgan bolalar soni ham oshgan.

Respublika bo‘yicha 2020-yilda 16 564 ta holatda tug‘ilgan chaqaloqlar yolg‘iz ona arizasi asosida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, 2022-yilda ushbu ko‘rsatkich 18 955 tani tashkil etgan.

Konstitutsiyaga asosan unda belgilangan huquq va erkinliklar faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy ahloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Shu bois mutasaddi idoralar tomonidan O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik tarixi va madaniy anʼanalarini inobatga olgan holda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqildi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, Qonun bilan ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida joriy etilgan axborot dasturlarining samaradorligini yana-da oshirish maqsadida jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lganlik uchun maʼmuriy javobgarlik chorasi kiritilmoqda. Bunda, javobgarlikni istisno qiluvchi holatlar ham inobatga olinmoqda.  

Ushbu Qonunning qabul qilinishi jamiyatda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik yana-da mustahkamlanishiga, dunyoviy qadriyatlar saqlanib qolinishiga hamda xotin-qizlarning huquqlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 71210 | Инструменты