Huawei 1
O'zbekistondagi 10 dan ortiq arxeologik obyektlarda qadimiy shaxarlar, g'orlar va buyumlar topildi

Joriy yilning birinchi yarim yilligida jami 10 dan ortiq arxeologik obyektda izlanishlar olib borildi. Bu paytda, Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani Xatak qishlog‘ida qadimgi tosh davriga oid g‘or aniqlandi. U neandertal odami yashagan davrga tegishli. Topilmalar orasida tosh qurollar, yovvoyi hayvonlarning maydalangan suyaklari va o‘choq qoldiqlari mavjud.

Shuningdek, Gʻoz qishlog‘i atrofida Oqtosh tog‘i hududida cho‘kichlab ishlangan bir o‘rkachli tuyaning qoyatosh tasviri, shu bilan birga bu hududdan mezolit davriga oid yodgorlik aniqlanib, ko‘plab toshdan yasalgan buyumlar topildi.

O‘zbekiston-AQSH qo‘shma ekspeditsiyasi tomonidan Buxoro Shahristonida ilk o‘rta asrlarga oid yana bir shahar aniqlandi.

Mazkur ekspedisiya tomonidan Jizzax viloyati Zomin tumani To‘g‘onbuloq yodgorligida ilk arxeologik tadqiqotlar olib borildi va Qoraxoniylar davriga oid 20 gektar maydonga ega ko‘chmanchilar shaharchasi aniqlandi.

Fransiya-O‘zbekiston qo‘shma ekspeditsiyasi Janubiy Nurota tog‘ tizmasi Gʻo‘bdintog‘ va Qorachatog‘ hududlarida 20 dan ortiq arxeologik topilma joylar o‘rganildi. Ular orasida bronza davridan o‘rta asrlar davriga doir 145 dan ziyod noyob qoyatosh rasmlari namunalari topildi.

Axsikent arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan Axsikent arxeologik obyektida qazuv ishlari davomida Qoraxoniylar davriga oid turar joy qoldiqlari va ko‘plab sopol buyumlar, tangalar va temir buyumlari aniqlandi.

Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Xonabod shahri tog‘ yon bag‘rilaridagi Xonabod yodgorliklaridagi qabrlarida qazuv ishlari olib borilib, miloddan avvalgi VI-IV asrlarga oid moddiy madaniyat buyumlari, jumladan, qabr-qo‘rg‘onlar, taqinchoqlar, sopol buyumlar, temir buyumlar aniqlandi.

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi Tepaqo‘rg‘on arxeologik yodgorligida tadqiqot ishlari olib borilib, qadimiy shaharning janubi-sharqiy qismida yarim aylana ko‘rinishidagi burj va 2 qatorli mudofaa devori mavjudligi, shuningdek, shimoliy tomonda 7 metr balandlikda saqlangan mudofaa devori aniqlandi.

Hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanidagi Oqshaxon-qal’a yodgorligida qazuv ishlari olib borilib, qal’aga kirish darvoza oldi labirint qismi o‘rganilmoqda.

Toshkent viloyati Ohangaron tumani Suyurlitepa yodgorligi va uning atrof hududlarida statsionar qazishma ishlari olib borilib, mudofaa inshooti aniqlandi. Shuningdek, Suyurlitepa shahar qismidagi ichki yo‘llar tizimi, shaharning rabod qismida Qovunchi II madaniyatiga oid 3 ta mozor-qo‘rg‘on aniqlandi. Suyurlitepaning janubiy qismida ilk o‘rta asrlarga oid qishloq jamoasi manzilgohi ochib o‘rganildi.

O‘zbek-Rossiya qo‘shma ekspeditsiyasi tomonidan Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlari hududida, Markaziy Farg‘ona cho‘llarida topilma joylar o‘rganilib, Ulug‘nor, Sho‘rko‘l kabi qadimgi ko‘llari hududida neolit davri mikrolit qurollari aniqlandi. Hozirda mutaxassislar tomonidan arxeologik tadqiqotlar davom ettirilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122116 | Инструменты