Rejissor Sanjar Matkarimovga 2 yil 1 oyga ozodlikdan cheklash jazosi belgilandi
2022-yil 27-may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida Sanjar Matkarimovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Uzreport.news muxbiri xabar bermoqda.
Gap shundaki, xonanda Ruxshona 2021-yilning oktabr oyida turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgandan keyin uni Jinoyat kodeksining bir nechta moddasi bo’yicha sudga bergan edi. Unga ko’ra, Sanjar Matkarimov turmush o’rtog’iga qasddan badaniga shikast yetkazgan, ijtimoiy tarmoqlarga videosini tarqatib tuhmat qilgan, shaxsiy sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni uning roziligisiz g‘arazli niyatlari yo‘lida qonunga xilof ravishda “Tik-tok” ijtimoiy tarmog’ida tarqatib, shaxsiy hayot daxlsizligini qasddan buzganlikda ayblangan.
Sud majlisida sudlanuvchi tariqasida so‘roq qilingan Sanjar Matkarimov esa unga qo'yilgan ayblovlarni tan olmadi.
Ikki tarafning ham so’zlari eshitilgandan keyin sud hukmi o’qildi. Hukmga ko’ra, rejissor Sanjar Matkarimov Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi, 139-moddasi 3-qismining “g” bandi, 140-moddasi 2-qismi va 1411-moddasi 2-qismining “b” bandi bilan aybdor deb topildi.
Tayinlangan har xil turdagi jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan Sanjar Matkarimovga uzil-kesil 2 yil 1 oy muddatga ozodlikdan cheklash jazosi belgilandi. Apellatsiya shikoyati va protestlari hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran yigirma sutka ichida, mahkum, jabrlanuvchi tomonidan esa ularga hukmning ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran 20 kun muddat ichida berilishi mumkinligi eslatib o’tildi.
Ma'lumot o'rnida, xonanda Ruxshona va rejissor-klipmeyker Sanjar Matkarimov 2014-yilning 2-noyabr kuni turmush qurgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21804 | Инструменты