Huawei 1
San’at va madaniyat yo‘nalishlarida bakalavr darajasida ta’lim olayotgan yoshlar uchun magistraturaga kirishda xorijiy tilni bilish sertifikati talab etilmaydi

Avvalroq, davlat granti o‘rinlari eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlar tanlovi asosida belgilanishi haqida xabar bergan edik. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida oliy ta’lim tizimi bo‘yicha bo‘lgan taqdimotda aytib o‘tildi.

Magistratura darajasiga kirishda ayrim yo‘nalishlar uchun xorijiy tilni bilish sertifikati bekor qilinmoqda. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotbay Sharipov ma’lum qildi.

Vazir oliy ta’limga qabulning yangi tizimi, kvotalarning taqsimlanishiga hamda talabalar o‘rtasida davlat grantining taqsimlanishiga to‘xtaldi.

“Yangi qabul jarayonida talabalarning iqtidoriga qarab, ularning adolatli, shaffof tizimi tashkil etiladi. Oldinlari OTMlarga kvotalar ajratilib, grant o‘rinlari belgilangan bo‘lsa, endi yangi tizimda bakalavriat yo‘nalishi kesimida grantlar ajratiladi”, — dedi vazir.

Abituriyentlar o‘z yo‘nalishlari kesimida yuqori ball olishsa, ikkinchi bosqichda o‘zlari tanlagan OMTga kirishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, joriy yilda muhandislik, tibbiyot va aniq fanlar bo‘yicha davlat granti uchun kvotalar soni 50%gacha oshirilmoqda.

Hozirda grantga qabul qilingan talabalar to‘rt yil davomida grant asosida tahsil olishayotgan bo‘lishsa, endilikda, agar grantga qabul qilingan talabalar yil davomida past baholar olishsa, grantlar kontrakt asosida tahsil olayotgan, yaxshi bahoga o‘qigan talabalarga qayta taqsimlanadi.

“Magistratura va doktaranturaga kirishda bizda muammolar bor edi. Xorijiy sertifikatlarning hammada ham bo‘lmaganligi natijasida hozirgi kunda ko‘pgina yo‘nalishlar to‘lmay qoldi. Ya’ni, bu davlat tomonidan berilgan buyurtma bajarilmadi degani”, — deya qayd etdi Qo‘ng‘irotbay Sharipov.

Endilikda san’at va madaniyat yo‘nalishlarida bakalavr darajasida ta’lim olayotgan yoshlar uchun magistraturaga kirishda xorijiy tilni bilish sertifikati talab etilmaydi.

Shuningdek, “Ta'lim sohasida loyihalar markazi” loyiha ofisi direktori Adham Xudoyqulovning qayd etishicha, bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha 40%ga, magistratura yo‘nalishlari 15%ga optimallashtirildi.

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga