Sardoba suv omborini qayta qurish bo'yicha hukumat qarori qabul qilindi
Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborini qayta tiklash bo'yicha Vazirlar Mahkamasining yopiq (xizmat doirasida foydalanish uchun) qarori qabul qilingan. Bu haqda Qurilish vazirligining Loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig'i Nasrulla Boboyev ma'lum qildi.
Ta'kidlanishicha, qaror asosida juda katta hajmdagi muhandislik-qidiruv ishlari davom ettirilib, laboratoriya tahlillari, ilmiy-texnik izlanishlar davom etmoqda.
Suv omborini qayta qurish bo'yicha loyiha tashkiloti tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan bo'lib, unga ko'ra obyektda tiklash ishlari ikki bosqichda amalga oshiriladi. Biroq mas'ul qurilish muddatlarini ochiqlay olmasligini bildirdi.
«Sababi — bu yopiq qaror bilan belgilangan. Hukumat tomonidan grafik qilingan va mas'ul xodimlar belgilangan. Reja bo'yicha tegishli vazirlik va idoralarning biriktirilgan tashkilotlari o'z ishini qilmoqda. Shuningdek, holat qo'shni davlatlarga ham taalluqli bo'lgani bois ilmiy o'rganishlarga nafaqat mahalliy mutaxassislar, balki chet el ilmiy-tadqiqot markazlari ham jalb qilingan. Bunda bir nechta mustaqil ekspertlar guruhi qilingan ishlar natijalarini tahlil qiladi va o'z xulosalarini beradi. Shundan kelib chiqib, keyingi bosqich ishlari davom ettiriladi», — dedi Nasrulla Boboyev.
Mazkur xabar bo'yicha qo'shimcha ma'lumot olish uchun Qurilish vazirligi Axborot xizmati rahbariga murojaat qildik. Axborot xizmati rahbari hozircha bu haqda batafsil ma'lumot bera olmasligini aytib o'tdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112309 | Инструменты