Huawei 1
Senat: bandligi ta’minlangani qayd etilgan qariyb 2 ming nafar xotin-qizdan 740 nafari amalda ishlamayotgani ma’lum bo‘ldi

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganish natijalari muhokama etildi.

2025 yilning birinchi choragida kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlariga ish so‘rab murojaat qilganlar viloyatda 6 ming 625 nafar bo‘lgan. Shundan 3 ming 841 nafarini xotin-qizlar tashkil etgan. Ushbu xotin-qizlarning 1 ming 915 nafari ishga joylashtirilgan, 1 ming 265 nafari kasbga o‘qitishga yuborilgan, 15 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlangan.

Viloyat bo‘yicha 44 bo‘sh ish o‘rni yarmarkalari o‘tkazilgan bo‘lib, ularda 505 korxona va tashkilot qatnashgan. Yarmarkalarga 2 ming nafardan ziyod fuqaro jalb etilgan. Shundan 656 nafari xotin-qizlarni tashkil etgan. Bu xotin-qizlarning 143 nafari ishga joylashtirilgan, 191 nafari kasbga o‘qitishga yuborilgan, 249 nafariga maslahat berilgan.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan 203,3 ming nafar xotin-qizga 3 trillion 128 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilgan.

Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan 139 nafar talaba qizga 1 milliard 150 million so‘m kontrakt to‘lovlari davlat byudjetidan qoplab berilgan.

Viloyat bo‘yicha ijtimoiy himoyaga muhtoj 90 nafar xotin-qiz uy bilan ta’minlangan. Shuningdek, 4 ming 861 oilaga bolalar nafaqasi va 286 oilaga moddiy yordam tayinlangan.

O‘rganishlar davomida viloyatda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish bo‘yicha o‘z yechimini kutayotgan ayrim masalalar hamda ishga solinmagan imkoniyatlar mavjudligi aniqlangan.

Bandligi ta’minlangani qayd etilgan qariyb 2 ming nafar xotin-qizdan 740 nafari (38,6 foizi) soliq organlari ma’lumotlari bazasida tasdig‘ini topmagan. Ya’ni, amalda ular ishlamayotgani ma’lum bo‘lgan. Shundan 117 nafari ijtimoiy daftarlar (“Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”)ga kiritilgan xotin-qizlarni tashkil etadi.

2024-2025 o‘quv yilida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarini bitirgan 1 ming 809 nafar xotin-qizdan 781 nafarining (43,1 foiz) bandligi ta’minlanmagan.

Viloyat bo‘yicha kvotadan foydalanish darajasi 24,2 foiz bo‘lsa-da, Yangiyer shahrida bu ko‘rsatkich atigi 2 foizni tashkil qilgan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 283 ish o‘rni band qilingan bo‘lib, Boyovut, Guliston tumanlari va Yangiyer shahrida ushbu ish o‘rinlaridan foydalanilmagan.

Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan o‘qitilganlarning keyinchalik bandligini ta’minlash bo‘yicha monitoring olib borilmagan.

Xotin-qizlarni kasb-hunar, tadbirkorlik va tomorqa xo‘jaligini yuritishga o‘qitish jarayonini tashkil etish tartibiga asosan o‘quv dasturlarining o‘quv soatlari o‘rgatiladigan sohaning yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda belgilanishi lozim. Biroq 30 dan ziyod o‘quv yo‘nalishlarining barchasi bir xil – 36 soat hajmda olib borilmoqda.

Senatorlar, vazirlik va idoralar mas’ullari, ekspertlar, shuningdek, xalq deputatlari mahalliy kengashlari vakillari ishtirok etgan majlis yakunida qo‘mitaning yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan qarori qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51422 | Инструменты