Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida nutq so‘zlamoqda. Saylovlar to‘liq ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik muhitida o‘tgani, qo‘llangan zamonaviy texnologiyalar ham bu jarayonda muhim rol o‘ynagani taʼkidlandi.
Jumladan, saylovning barcha bosqichlari to‘liq raqamlashtirilib, “E-saylov” axborot tizimi joriy qilindi. Ovoz berish jarayonlarini onlayn kuzatish imkoni yaratildi, ilk bor elektron ovoz berish sinovdan o‘tkazildi.
Saylovlarni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kabi 13 ta nufuzli xalqaro tashkilot, 40 dan ziyod davlatdan 850 nafar xorijiy va 65 mingdan ziyod mahalliy kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalarining mingdan ortiq vakillari kuzatib bordi.
Prezident ularga saylov jarayonlari haqidagi xolis fikrlari va tavsiyalari uchun o‘z nomidan, butun xalqimiz nomidan tashakkur izhor etdi. Ushbu tavsiyalarning har biri chuqur o‘rganilib, amaliyotga tatbiq etish choralari ko‘rilishi taʼkidlandi.
Markaziy saylov komissiyasining faoliyati sezilarli kuchaygani, professional saylov organlari tashkil etilgani saylovlarning haqqoniy ruhda o‘tishida muhim rol o‘ynadi.
Prezidentimiz saylovlar qonunchilik talablari va xalqaro standartlarga to‘la mos holda o‘tishini taʼminlagan barcha darajadagi saylov komissiyalari, xususan, Markaziy saylov komissiyasiga alohida rahmat aytdi.
Saylovlar natijasida Qonunchilik palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilanib, 87 nafar yangi deputat saylandi.
Deputatlarning 11 nafari 35 yoshgacha, ilk bor yoshlar parlamentining 2 nafar vakili Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. Ayniqsa, deputatlarning 38 foizini ayollar tashkil etgani mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Tariximizda ilk bor nogironligi bo‘lgan fuqaromiz Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. Bu – parlamentimizni tom maʼnoda inklyuziv organga aylantirish, ushbu qatlam manfaatlarini yana-da keng ifoda etish yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘lgani eʼtirof etildi.
Yangi tarkibda 63 nafar deputat qayta saylangani esa parlament ishida uzviylik va professionalizmni taʼminlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111815 | Инструменты