Huawei 1
"Toshkent shahrida avtobuslarni to'liq bepul qilib, avtomobil haydovchilari uchun "tirbandlik to'lov"ini joriy etish kerak" — deputat Doniyor G'aniyevning taklifi jamoatchilik e'tiroziga sabab bo'ldi

Deputat Doniyor G'aniyev o'zining twitter (yangi nomi X) sahifasida poytaxtda qiyinlashib borayotgan harakatlanish, kuzatilayotgan "mega" tirbandliklardan kelib chiqib, shaharning markaziy hududlarida tirbandlikni kamaytirish uchun "tirbandlik to'lov"ini joriy etishni taklif qildi. Ya'ni bunda yo'lovchi avtobuslar bepul qilinib, shaharning markazida harakatlanadigan avtotransportlarga "ekologik zarar"ni kamaytirishga qaratilgan bir to'lov turi joriy qilinadi. Bu jahon tajribasida ham borligi aytib o'tilgan. 

Doniyor G'aniyevning bildirishicha, ushbu holat ijtimoiy tarmoqda noto'g'ri talqin qilingan. Jamoatchilik buni xuddiki,  viloyatliklar uchun Toshkent shahriga avtomobilda kirishni pullik qilish sifatida baholashgan. 

"Aslida men bugun poytaxtda qiyinlashib borayotgan harakatlanish, kuzatilayotgan "mega" tirbandliklardan kelib chiqib, shaharning markaziy hududlarida tirbandlikni kamaytirish uchun "tirbandlik to'lov"ini joriy etishni taklif etgandim", - deydi u

"Hozirda o'rtacha bir yil davomida avtobusdan foydalanadiganlardan tushadigan to'lovlar taxminan 300 mlrd so'mni tashkil qilar ekan. Bu Toshkent shahar hokimligi tomonidan dotatsiya hisobidan qoplanadigan budjet tushumlaridan tashqari mablag' hisoblanadi. Mutaxassislarda shunday fikr bo'ldiki, pul tashlab berish kechikishi sababli, ko'plab haydovchilar pul undirish bilan ovora bo'lishi yoki avtobuslar o'rtasida ko'p odam olishga bo'lgan urinish oqibatida YTHlar sodir bo'lishi mumkin. Shuning uchun ham Toshkentdagi avtobuslarni aholi uchun bepul qilish kerak degan taklifni ilgari surgan edik. Bu hali shunchaki taklif. Lekin amaliyotda ko'rdikki, ba'zi bir metro bekatlari yopilganda yo'lga qo'yilgan bepul avtobuslarda odam soni ko'p bo'lgani kuzatildi. Ya'ni bepul bo'lganda avtobusdan foydalanadiganlar soni keskin oshgan. 

Shu nuqtai nazardan, jahon tajribasini o'rganganimda ham bu tizim muvafaqqiyatli yo'lga qo'yilgani uchun men buni bir fikr sifatida o'rtaga tashagan edim. Bu orqali "mega" tirbandliklarni oldini olishimiz mumkin. Bu pul bilan bog'liq bo'lganligi uchun pul bilan qoplanishi kerak. O'sha, "300 mlrd qayerdan qoplanadi?" degan masalaga bir taklif sifatida aytildiki, shaharni markazida harakatlanadigan avtotransportlarga "ekologik zarar"ni kamaytirishga qaratilgan bir to'lov turini joriy qilish. Bu yangilik emas, bu dunyoni juda ham ko'p rivojlangan mamlakatlarida, metropol shaharlarida, poytaxtlarda 10-15 yil oldin joriy qilingan. Bu sinovdan o'tgan usul. Shahar markazida mana shunday soliq, yig'im bo'ladigan bo'lsa, bir tomondan avtomobildan kamroq foydalanishga turtki bo'ladi, ikkinchi tomondan, mobodo kimdir avtomobildan foydalanadigan bo'lsa, u jamoatchilik transportiga halaqit qilyaptimi, marhamat solig'ini to'lasin, uni pulini biz xalqdan olib xalqqa beraylik. 

O'rtacha deylik bir kunda 100 ming nafar odam mashina haydasa, bir kunda 1 mln odam avtobusdan foydalanadi. Bizga 1 mln odamga qulaylik yaratish muhimmi, yoki 100 mingta odamni ko'ngliga qarashmi? Albatta, biz demokratik davlat bo'lganimizdan keyin ko'pchilikni ovozi, ko'pchilikni qulayligini o'ylashimiz kerak. Shu nuqtai nazardan taklif ilgari surilgan edi. Bu rasmiy chora emas. Bu meni shaxsiy fikrim. Bu Toshkent bilan boshqa viloyatlarni ajratish uchun bildirilgan taklif emas", - deya ta'kidladi Doniyor G'aniyev.

"Bunday to'lovni joriy etilishi dunyoning ko'plab shaharlarida allaqachon o'z samarasini bergan. Qolaversa, to'lovdan tushgan daromadlar jamoat transportini yaxshilashga, piyoda va velosipedlar uchun qulay infratuzilma yaratishga xizmat qilishi mumkin. Men toshkentlik emasman. Balki yana 1-2 yildan keyin bu shaharda yashamasman ham. Lekin men azim poytaxtimizni barcha uchun ochiq, havosi toza, ko'chalarida faqatgina avtomobillar emas, balki piyodalar, jamoat transporti yoki velosiped foydalanuvchilari ham qulay va xavfsiz harakatlana oladigan haqiqiy megapolis bo'lib qolishini chin dildan istayman", - deya alohida yozgan deputat.

Eslatib o'tamiz, bundan oldin poytaxtda tirbandliklarni oldini olish uchun bir qator ishlar amalga oshirilayotgani haqida xabar bergan edik.

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110717 | Инструменты