Ijtimoiy tarmoqlarda “Qo‘yliq dahasida bir guruh shaxslar o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi, alkogol taʼsirida bo‘lgan bir guruh shaxslar bir ayol va bir bolani kaltaklagani aytilmoqda”, degan mazmunda xabarlar tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan Mirobod tuman hokimligi izoh berdi.
Mirobod tumani IIO FMB 4-sonli IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, mazkur hodisa 12-noyabr kuni sodir bo‘lgan.
20 yashar fuqaro X.V. o‘z tanishlari 23 yoshli M.B. va 18 yoshli M.Alar bilan “Spark” rusumli avtomobilda Munis ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib, Qo‘yliq-5 dahasiga ketayotgan vaqtlarida, 34 yoshli A.B. boshqaruvida bo‘lgan “Nexia-3” rusumli avtomobil bilan bir-biriga yo‘l bermay, o‘rtada kelishmovchilik yuzaga kelgan.
"Spark"dagi yo‘lovchilar - M.B va M.A. hamda “Nexia-3” haydovchisi A.B va uning sherigi 21 yoshli Yu.M o‘zaro gap talashib, janjallashishgan.
Janjal “Spark” haydovchisi X.V. tomonidan videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga joylangan.
Hodisa oqibatida “Spark” yo‘lovchilaridan biri – M.B. Toshkent Davlat stomatologiya klinikasiga murojaat etgan.
Shifokorlar tomonidan fuqaroga yuqori lab sohasi ezilishi va yirtilishi, shuningdek, chap yonoq sohasi shilinishi tashxisi qo‘yilgan. Janjalda ishtirok etgan qolgan fuqarolar tan jarohati olmagan.
Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60321 | Инструменты