Toshkent viloyatida o'nlab odamlarga qarz berib, uni sud qarori va MIB orqali 10 baravar qilib qaytarib olgan firibgar ushlandi
Toshkent viloyatida yuzga yaqin fuqaroni qarzdorlik tilxatlari orqali chuv tushirgan va oʻnlab uylarning kadastr hujjatlarini tortib olgan yirik firibgarning kirdikorlari fosh etildi. 

Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida 1978-yilda Olmaliq shahrida tugʻilgan Kim Pavel Leonidovich protsessual tartibda ushlanib, qamoqqa olindi.

Tergov maʼlumotlariga koʻra, P. Kim fuqarolarga qarz berish bahonasida tuzoq qoʻygan. U muhtoj shaxslarga oʻz hisobidan pul (masalan, 1 000 AQSH dollari) qarzga berib, evaziga goʻyoki "kafolat sifatida" asl miqdordan 10 barobar koʻp (10 000 AQSH dollari) pul olganligi haqida soxta tilxat yozdirib olgan.

Maʼlum vaqt oʻtgach, u ushbu oʻn barobar oshirilgan tilxatlar bilan fuqarolik sudlariga murojaat qilgan va oʻz foydasiga sud qarorlarini chiqartirishga erishgan. Shu yoʻl bilan u jabrlanuvchilarning har oylik ish haqlarini Majburiy ijro byurosi (MIB) orqali firibgarlik bilan oʻzlashtirib kelgan.

Gumonlanuvchining uyi va ishxonasi tintuv qilinganda, uning xonadonidan jinoyat izlari boʻlgan juda koʻp ashyoviy dalillar topildi. Jumladan, fuqarolar nomiga yozilgan 100 ga yaqin qarzdorlik tilxatlari, 55 ta xonadonning uy-joy kadastr hujjatlari, MIBning fuqarolardan pul undirish haqidagi 50 ga yaqin hujjatlari, 1 dona pnevmatik qurol.

65 nafar jabrlanuvchi va qamoq ehtiyot chorasi

Hozirga qadar ushbu shaxsdan jabr koʻrgan 65 nafar fuqaro arizasi bilan ichki ishlar idoralariga murojaat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Pavel Kimga nisbatan Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari, xususan 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda koʻp miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Sud qaroriga koʻra, u qamoqqa olindi, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110616 | Инструменты