Bojxona qoʻmitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev IMEI raqamlarini chuqur tekshirish zarur boʻlgan holatlarda bojxona xodimlariga yordam berish uchun UZIMEI vakillari aeroportda doimiy ishlashini, shu sababli IMEI tekshiruvlari bilan bogʻliq vaqtinchalik cheklov bekor qilinganini ma'lum qildi.
Kecha, 11-noyabr kuni Bojxona qoʻmitasi va UzIMEI markazi vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Unda soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlgan Toshkent xalqaro aeroportida mobil qurilmalarning bojxona rasmiylashtiruvi vaqtincha toʻxtatilgani, buning sabablari va mavjud vaziyat yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
Ma'lum qilinishicha, ayrim shaxslar tomonidan bojsiz olib kirish meyorlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish maqsadida IMEI kodlarini soxtalashtirish, boshqa qurilmalarga tegishli identifikatorlardan foydalanish, bir qurilma maʼlumotlari orqali boshqa qurilmalarni qonuniylashtirish kabi murakkab sxemalar qoʻllanilmoqda.

Toshkent xalqaro aeroportida 11 noyabr kunidan boshlab yangi mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish qayta boshlandi. Bu haqda Bojxona qoʻmitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev ma'lum qildi.
Unga koʻra, bugundan yana mobil qurilmalarni bemalol olib kirish boshlangan. Shuningdek, shu paytgacha olib qoʻyilgan bir necha yuz dona mobil qurilmani egalariga qaytarish ishlari boshlangan.
“Bugun kunning birinchi yarmida UZIMEI va Bojxona qoʻmitasi vakillari Toshkent xalqaro aeroportida muzokara oʻtkazdi. Kelishuvga koʻra, IMEI raqamlarini chuqur tekshirish zarur boʻlgan holatlarda bojxona xodimlariga yordam berish uchun UZIMEI vakillari aeroportda doimiy ishlaydi. Shu sababli bugundan boshlab IMEI tekshiruvlari bilan bogʻliq vaqtinchalik cheklov bekor qilindi”, degan Husan Tangriyev.
Qayd etilishicha, shu yilning 10 oyida Oʻzbekistonga 4,1 million dona mobil qurilmalar rasman olib kirilgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1 million donaga oshdi. Davlat byudjetiga undirilgan bojxona toʻlovlari esa 2,1 barobarga oʻsib, 2 trillion soʻmga yetdi.
Ayniqsa, iPhone rusumli mobil qurilmalarning rasmiy importida sezilarli oʻsish kuzatilmoqda. 2023–2024 yillarda mamlakatga oʻrtacha 10 ming dona "iPhone" rasman olib kirilgan boʻlsa, joriy yilning 10 oyida bu koʻrsatkich 452 mingdan oshgan. Ushbu qurilmalar importidan byudjetga 756,6 milliard soʻm bojxona toʻlovlari undirildi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6,2 barobar koʻpdir.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111211 | Инструменты