Toshkentda o‘t o‘chirgich portlatilgani bo‘yicha 4 kishiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent shahrida joylashgan «Samarqand darvoza» savdo majmuasi oldida bugun, 1 yanvar kuni fuqarolar Yangi yilni nishonlash maqsadida qo‘lbola «ognetushitel» portlatgani, oqibatda holatni videoga olayotgan 3 kishi jarohatlangan. Shahar IIBB axborot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, portlash shu kuni soat 00:45 atrofida Shayxontohur tumani Qoratosh ko‘chasida sodir bo‘lgan. Bayram bahona yig‘ilgan bir nechta fuqarolar avtoyo‘lni ajratib turuvchi to‘siqqa mushakbozlik qilish maqsadida qo‘lbola usulda yasalgan o‘t o‘chirish moslamasini joylashtirgan. Tagidan olov yoqilishi oqibatida moslama portlab, bo‘laklarga bo‘linib ketgan.

Ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, portlash oqibatida M.S. (1997 yilda tug‘ilgan) qorin yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, M.A. (1999 yilda tug‘ilgan) o‘ng oyoq boldir, tovon sohalari yirtilgan jarohati hamda X.N. (2006 yilda tug‘ilgan) o‘ng oyoq panja qismi yirtilgan, majaqlangan jarohati, oyoq barmoqlari noto‘liq amputatsiyasi tashxisi bilan turli ko‘rinishdagi tan jarohati olgan.

Toshkent IIBB esa ikki fuqaro (1996 yilda tug‘ilgan M.A. va 2006 yilda tug‘ilgan X.N.) jarohatlanganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan I.A., U.M., A.L., Z.X. ismli fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 250-moddasi (portlash xavfi bo‘lgan moddalar yoki pirotexnika buyumlaridan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70507 | Инструменты