Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudida 13-iyul kuni bo‘lib o‘tgan sud ishida hokim yordamchisi ishga qayta tiklandi.
Prezidentning tegishli farmoniga ko‘ra, 2022-yilning yanvar oyidan hokim yordamchisi lavozimi joriy etilgan edi. O‘shanda bir qancha tashkilot, idoralar xodimlari, asosan, tashkilot rahbarlari mahallada hokim yordamchisi sifatida ishga jalb qilingan.
Amaliyotchi yurist Saidali Muxtoraliyevning aytishicha, Pirmuhammad Hushvaqtov "Xalq banki" Yuqori Chirchiq filiali rahbari bo‘lib ishlagan va keyinchalik tuman hokimining mahalladagi yordamchisi vazifasiga o‘tkazilgan. Keyinroq esa tuman hokimining ijobiy tavsiyanomasi asosida Xalq banki rahbariyatiga murojaat qilib, avvalgi filial boshqaruvchisi lavozimiga qaytarishlarini so‘raydi.
“Prezident farmonining 6-bandiga asosan bank uni eski Mehnat kodeksining97-modda 1-bandi bilan kelishuv asosida bo‘shatishda uning ish joyini saqlab qolish majburiyatini olgan edi. Biroq, bank rahbariyati uni o‘z ishiga qaytarishni rad qildi. Natijada ish sudgacha bordi. Sud Pirmuhammad Hushvaqtovni bankdagi o‘z lavozimiga tiklash haqida qaror chiqardi”, — dedi Saidali Muxtoraliyev.
Uning tushuntirishicha, aksariyat vazirlik va idoralar, tijorat banklari o‘z xodimlari bo‘lgan nomzodlarni eski Mehnat kodeksining 97-moddasi 1-bandiga asosan o‘zaro kelishuv asosida bo‘shatib, bo‘shatish buyruqlarida ularning ish joylarini 2 yil davomida saqlab qolinishi ko‘rsatib o‘tilgan.
“Ko‘plab nomzodlar issiq joylarini ushbu buyruqlarga ishonib va erta bir kun o‘z ishlariga qaytib kelishlariga umid qilib tark etadi. Afsuski, bugungi kunda baʼzi holatlarda hokim yordamchilarining mehnat huquqlari buzilayotganini ham kuzatyapmiz. Hokimga ariza yozib, hokim yordamchilikdan bo‘shaganlarning ayrimlari hozir o‘z ishlariga qayta olmayapti. Vaholanki, ularni ishdan bo‘shatish haqidagi buyruqlarida ish joyi saqlanishi aniq ko‘rsatib o‘tilgan”, — dedi u.
O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirovaning tushuntirish berishicha, farmonga ko‘ra, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlariga hokim yordamchilari lavozimiga tayinlangan xodimlarning avvalgi ish joyidagi lavozimini ikki yilgacha muddatga saqlab qolish, mazkur davrda ushbu lavozimga boshqa shaxslarni muddatli mehnat shartnomasi asosida vaqtincha ishga qabul qilish tavsiya etilishi belgilangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 71611 | Инструменты