Toshkent shahrida YPX xodimini haydovchi harakatlanib ketayotgan avtomashinasi kapotida sayr qildirgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati izoh berdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 13 iyul kuni davlat raqamisiz qoidabuzarlik sodir etib harakatlanib kelayotgan avtomashina YPX xodimi tomonidan to‘xtatiladi. Biroq, haydovchi inspektorning qonuniy talabini bajarmay voqea joyidan qochib ketadi.
YPX inspektor qoidabuzar haydovchining ortidan kuzatib borayotib, bir necha marotaba uni to‘xtatishgan uringan, biroq qoidabuzar haydovchi xodimning qonuniy talabini bajarmay harakatlanishda davom etgan hamda svetoforning taqiqlovchi chiroqlariga amal qilmay, yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib xavfli manyovr qilgan holda yo‘lida davom etgan.
Qoidabuzar haydovchi avtomashinasini xodimning ustiga haydagan holda inspektorni avtomobil kapotining ustida sayr qildirgan. Buning oqibatida YPX xodimi chap oyoq bo‘g‘imlari lat yeyishi jarohatini olgan.
Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida haydovchi to‘xtatilib, sodir etgan qoidabuzarligi uchun hujjatlar qonuniy tartibda rasmiylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudi tomonidan qoidabuzar haydovchiga nisbatan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103013 | Инструменты