Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan yana bir o‘zbekistonlik jinoiy jazoga tortildi.
Sud hukmida keltirilishicha, 2004 yilda tug‘ilgan, Qarshi shahrida yashovchi I.J. 2024 yil 23 fevral kuni ishlab pul topish maqsadida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga borgan. U 2024 yil 12 iyun kuni 195 ming rubl oylik maosh evaziga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan muddatli harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risida 1 yillik shartnoma imzolagan.
Shundan so‘ng I.J. 2024 yil 24 iyun kuni Luganskdagi harbiy qism poligoniga borgan va u yerda 14 kun davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Shu vaqt oralig‘ida u harbiy dron portlashi oqibatida o‘ng oyog‘idan yaralangan.
I.J. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.
“2022 yilda maktabni tamomlaganimdan so‘ng pul topish maqsadida turli xildagi ishlarda ishlay boshladim. O‘z xarajatlarimga yetarli pul topa olmaganim sababli mavsumiy ishlash maqsadida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga bordim. Qurilish va ta’mirlash ishlarida ishlab yurib, 2 oylik ish haqimni olmaganim sababli qarz bo‘lib qoldim. Shundan so‘ng sinfdoshim V.N.ga qo‘ng‘iroq qilib, ish topib berishni so‘radim. U haydovchilik qilish bilan bog‘liq ish borligini, tanishi Dalerga qo‘ng‘iroq qilsam batafsil tushuntirishini aytdi. Daler bilan gaplashdim hamda uning Mytishchi shahridagi harbiy qismda haydovchilik yoki oshpazlik qilish haqidagi taklifiga rozi bo‘ldim.
Daler menga Mytishchi shahriga borish xarajatlarini to‘lab berdi. U yerga borgach 10 kun mehmonxonada yashadim. So‘ngra o‘sha mehmonxonada turgan 6 nafar fuqaro bilan birgalikda Moskva viloyatining Korolev shahridagi Mudofaa ishlari bo‘limiga bordik”, degan yigit suddagi ko‘rsatmasida.
Shundan so‘ng I.J. va uning sheriklari avtobusda Balashixa shahridagi harbiy qismga olib borilgan. 2024 yil 11 iyun kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishgach I.J. Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan.
“2024 yil 24 iyun kuni Luganskdagi harbiy poligonga bordik. 2 hafta davomida shu harbiy qismda ishladim. 2024 yil iyul oyi oxirlarida dron portlashi oqibatida oskolka tegib, o‘ng oyog‘imdan yaralandim. Yarador bo‘lishimga qaramasdan harbiy qism komandiri tomonidan menga yordam ko‘rsatilmadi. Harbiy shifoxonaga borishim uchun mendan 500 ming rubl pul so‘rab, frontga yoki gospitalga borish sharti qo‘yildi. Harbiy shifoxonaga borish uchun o‘zim 500 ming rubl pul berdim”, degan yigit sudda.
2024 yil 4 avgust kuni Belgorod shahridagi harbiy gospitalga borib, 13 kun davomida davolangan I.J. 17 avgust kuni yana Luganskdagi harbiy qismga qaytgan. Yigit gospitalda davolanishi davomida harbiy qism komandiridan qo‘shimcha davolanish uchun 15 kun muddatga ta’til so‘ragan. Ammo unga rad javobini berishgan. 2024 yil 5 sentabr kuni harbiy qismdan qochib ketgan I.J. 2024 yil 1 oktyabrda O‘zbekistonga qaytib kelgan hamda DXXga aybini tan olgan.
JIB Qarshi shahar sudi hukmi bilan I.J. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60620 | Инструменты