Akbar Jo‘rayev ikkita jahon rekordini yangiladi va to‘rt karra jahon chempioniga aylandi

Musobaqaning dast ko‘tarish yo‘nalishidayoq Jo‘rayev yetakchilikni o‘z qo‘liga oldi. U 198 kilogramm og‘irlikdagi toshni ko‘tarib, jahon rekordini o‘rnatdi. E’tiborlisi, avvalgi rekord ham (197 kg) 2026-yilgi Osiyo o‘yinlarida aynan uning o‘zi tomonidan qayd etilgan edi. Akbar siltab ko‘tarish mashqida ham raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va 234 kg natija bilan birinchi o‘rinni egalladi.

Ikki kurash yakunlariga ko‘ra Akbar Jo‘rayev umumiy 432 kg ko‘rsatkich bilan yana bir jahon rekordini yangiladi. Bu boradagi oldingi eng yuqori natija (428 kg) ham Jo‘rayevga tegishli bo‘lib, u ushbu rekordni 2025-yil oktabr oyida Norvegiyaning Fyorde shahrida o‘tgan jahon birinchiligida o‘rnatgandi. Shu tariqa, hamyurtimiz uchala yo‘nalishda ham oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Ninbodagi mazkur zafar sportchiga nafaqat jahon chempionligi, balki Los-Anjeles—2028 yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun nihoyatda muhim bo‘lgan reyting ochkolarini ham taqdim etdi. Yangilangan ikkita jahon rekordi evaziga Jo‘rayev ushbu ochkolardan tashqari qo‘shimcha bonuslarga ham ega bo‘ldi.

Ma'lumot o‘rnida, bugunga qadar Akbar Jo‘rayev 2024-yilgi Parij Olimpiadasi g‘olibi, Osiyo o‘yinlari chempioni va ikki karra Osiyo chempioni kabi yirik unvonlarni ham qo‘lga kiritgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110620 | Инструменты