Holatga O‘zPFL direktori Diyor Imomxo‘jayev va deputat Umida Rahmonova munosabat bildirdi
Buxoro shahri markazidagi Markaziy stadion buzilishi va uning o'rniga turizam shahrchasi qurilishi haqida xabarlar tarqalmoqda. Ma'lumki, mazkur stadion O‘zbekiston Kubogi finaliga mezbonlik qilgandi. Stadionning buzilishi haqidagi xabarlar yuzasidan Oliy Majlis Qonunchlik palatasi deputati Umida Rahmonova tanqidiy fikr bildirib, bundan norozi ekanligini aytdi.
"Bugun bir ma’lumotga ko‘zim tushdi. Buxorolik hamyurtlarimiz "Buxoro shahri markazidagi Markaziy stadion buziladi" degan yangilikdan lol.
Ma’lumot uchun, Buxoro markaziy stadioni 25 ming tomoshabinga mo‘ljallangan, uncha-muncha viloyatda bo‘lmagan viloyatdagi yagona yirik sport majmuasi.
Obyektning qadrli tomoni shundaki, 20 dan ortiq sport turlari bo‘yicha to‘garaklar joylashgan, yengil atletika mashg‘uloti talablariga javob beradigan yagona joy. Yana bir tomoni, har kuni minglab aholi foydalanadi. Ayniqsa, erta tongda va kechki vaqtda gavjum bo‘ladi. Sportchilar, havaskorlar va salomatlikni ustun deb bilgan aholi, keksalar va bolajonlar uchun mashg‘ulot joyi.
Albatta, aholiga bu mish-mish yoqmadi. Hammaga qadrdon bo‘lgan joyda sayohatchi va ayrim ajnabiylar uchun shaharcha qurishmoqchi. Mahalliy aholi-chi? Afsuski, shaharda aholini sog‘lomlashtirish va yugurish yo‘lakchalari hali yetarli emas. Ayrim ma’lumotlarda shahar tashqarisidan joy ajratiladi, degan mish- mish ham bor. Ammo biror joyda rasmiy ma’lumotga ko‘zim tushmadi.
Savol: Mamlakat rahbari 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan aholining sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratilsin, degan bir paytda bu qaror qanchalar to‘g‘ri?
Qaror va takliflarga teskari ishlamaylik, o‘zi shusiz ham oxirgi paytda mana shunday o‘lda-jo‘lda qarorlar ortidan hukumatga ishonch so‘nyapti. Bunga sababchi bo‘lish yaxshi emas.(Buning ustiga Buxoro Siti ham hali bitmagan, avval bitta Sitini halollab olaylik).
Balki hududning boshqa tarixiy joylariga ham turistlarni jalb qilish uchun aynan o‘sha yerlarda bu shaharchani rejalashtirish kerakdir? Sababi Buxoro shahrida shusizam turistik oqim katta.
Qolaversa, juda katta mablag‘ evaziga qurilgan va yillar davomida bir necha bor rekonstruksiya ham qilingan. Shuncha mablag‘ni buzish shartmikan!?
Qolaversa, Shaharsozlik kodeksining 38-moddasida aholi punklari rejasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi kerak deyilgan, muhokama natijalari bormi?
Xullas, savollar ko‘p, ammo rasmiylardan munosabat yo‘q.
Buxorodan saylangan deputat sifatida asosli, aniq rasmiy munosabat berishlarini so‘rayman.
Bizda hech qayerda e’lon qilinmagan boshqa ma’lumotlar ham bor, balki rasmiylar aniqlik kiritishar.
Shaxsiy fikrim, Markaziy stadion o‘rni turizm shaharchasining joyi emas!", – deydi deputat.
Ushbu holatga O‘zPFL direktori Diyor Imomxo‘jayev ham munosabat bildirdi.
"O‘zbekiston Coca Cola Kubogi finali Buxoroda azbaroyi zo‘r o‘tganidan, stadion o‘rni tarixiy bo‘lishi kerak, deyishayotgan ekan.
Turistik zona albatta yaxshi, biroq unda futbol stadionining bo‘lishi yanada foydali. Tayyor narsani buzish emas, uni turistlar va umuman buxoroliklar uchun fantastik strukturaga aylantirish mumkin. Stadion atrofi supermarketlar, ovqatlanish, ko‘ngilochish maskanlari, avtostoyankalar uchun juda bop joy", – deydi Imomxo‘jayev.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120407 | Инструменты