“Farhod Challenge Strongmen Festival”ining yakuniy bosqichi tom ma’noda tomoshabinlar va sportchilar uchun ham unutilmas bo‘ldi.
Yakuniy bellashuvlar ikki noyob sinov asosida tashkil etildi. Birinchi shart– 162 kilogrammli qopni davra atrofida ko‘tarib yurish. Bu sinovda 2 ishtirokchidan iborat guruhlar og‘ir qopni bag‘riga bosib, imkon qadar uzoq masofaga yurgan holda bellashdilar. Har bir sportchining yurish davomiyligi va bosib o‘tgan masofasi aniq o‘lchovlar bilan hisoblab borildi. Musobaqa nafaqat jismoniy zo‘riqish, balki kuchni to‘g‘ri taqsimlay olish, muvozanatni ushlash va nafasni nazorat qilish qobiliyatini ham sinovdan o‘tkazdi.
Keyingi shart– “Pole Push”: hovuzda ustun itarish musobaqasi bo’ldi. Unda eng ko’p ochko yig'gan ishtirokchilar o’zaro bellashdi. Har ikki polvon suv ustida joylashgan yog‘och ustunni ushlab, raqibini muvozanatdan va belgidan tashqariga chiqarishga harakat qildilar. Bu sinov ekstremalligi bilan ajralib turdi — suvda turgan sportchilar kuchni to‘g‘ri yo‘naltirish va jismoniy barqarorlikni saqlab qolish uchun maksimal harakat qilishdi.
Musobaqaning barcha bosqichlari yakunida umumiy ballar jamlanib, kuchli uchlik g‘oliblari nomi e’lon qilindi.
Unga ko’ra, 1-o‘rin Muhammadali To'xtamatov va Is’hoqjon Shamuratov jamoasiga nasib etdi.
2-o‘rinni Eronlik Reza Geitasi va Avstraliyalik Brendmen Hyuston jamoasi egallagan bo’lsa, 3-o’ringa Islandiyalik va Ukrainalik polvonlardan tashkil topgan jamoa loyiq deb topildi. Tadbir so’ngida barcha ishtirokchilar hamda murabbiylar medallar bilan taqdirlanishdi.
Ma’lumot uchun, musobaqa ishtirokchilari qadimiy Xiva shahriga yo‘l olishdi. U yerda “Pahlavon Mahmud – Strongmen Games” xalqaro turnirining navbatdagi — beshinchi bosqichi o‘tkaziladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61401 | Инструменты