Huawei 1
2023-yilda jahon tibbiyotida qanday kashfiyot va innovatsiyalarga erishildi?

Bugun dunyo tibbiyoti shiddat bilan rivojlanmoqda. Olimlarning tinimsiz izlanishi natijasida har yili yangidan-yangi davolash va diagnostika usullari, millionlab odamlarning dardiga davo bo‘ladigan dori vositalari ishlab chiqilib, sog‘liqni saqlash arxitekturasini tubdan o‘zgartira oladigan innovatsion kashfiyotlar qilinmoqda.  

Xo‘sh, 2023 yil jahon tibbiyoti uchun qanday yangiliklar bilan yodda qoldi?

CRISPR gen terapiyasi 

O‘tgan yili Buyuk Britaniyada CRISPR gen terapiyasi maʼqullandi. U eritrotsitlardagi gemoglobin genlaridagi xatolar tufayli kelib chiqadigan o‘roqsimon hujayra anemiyasi kasalligi va beta-talassemiyani davolashga qaratilgan. Bu usul yordamida davolash bemor o‘zining o‘zak hujayralarini tahrirlashni nazarda tutadi. CRISPR texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan mazkur kashfiyot yaqin kelajakda boshqa ko‘plab irsiy kasalliklar, saraton va bepushtlikni davolashda yordam berishi mumkin, deb taxmin qilinmoqda.  


Alsgeymerni davolashga qaratilgan yangi dori vositasi yaratildi 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 55 milliondan ortiq kishi Alsgeymer kasalligidan aziyat chekadi. Hozircha ushbu xastalikka davo topilmagan. 

“Leqembi” deb nomlangan yangi dori vositasi esa miyada to‘plangan amiloid oqsili miqdorini kamaytirib, kasallik rivojlanishini sezilarli darajada sekinlashtirish imkonini beradi. Ushbu preparat AQSH Oziq-ovqat va dori vositalari sifati nazorati boshqarmasi (FDA) tomonidan kasallikning faqat yengil shakllarida qo‘llash uchun maʼqullangan. U Alsgeymerning og‘ir shakllarida qanchalik samara berishi hali tekshirilmagan.


Bakteriyalarning saraton rivojlanishidagi o‘rni 

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, oshqozon-ichak tizimidagi o‘smalarda aniqlangan ayrim bakteriyalar rak hujayralariga immunitet tizimini chetlab o‘tish orqali kuchliroq tarqalishiga yordam beradi. Bu kashfiyot saratonni, shu jumladan ushbu bakteriyalar yordamida davolash imkonini beradi. 


Mushak distrofiyasini davolovchi gen terapiyasi 

2023 yilning iyun oyida AQSH Oziq-ovqat va dori vositalari sifati nazorati boshqarmasi (FDA) Dyushenn mushak distrofiyasi bilan og‘rigan bolalar uchun gen terapiyasini maʼqulladi. 

Dushenn mushak distrofiyasi DMD genidagi mutatsiya tufayli yuzaga keladi. Bu esa, o‘z navbatida, mushak hujayralari salomatligining muhim omili bo‘lgan distrofin oqsilining yetishmasligiga olib keladi. 

Yelevidys deb nomlangan yangi preparat kamaygan mikrodistrofin oqsilini ishlab chiqaradi. Klinik tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, terapiya mikrodistrofin miqdorining oshishiga yordam beradi.


Saratonni bashorat qila oladigan sunʼiy intellekt yaratildi 

Yangi sunʼiy intellekt vositasi bemorlarning kasallik tarixidagi o‘xshashliklarni aniqlash orqali tashxisdan uch yil oldin meʼda osti bezi saratonini bashorat qila oladi.

Tibbiy yozuvlarda har bir kasallik kod bilan qayd etiladi. Sunʼiy intellekt ushbu kasalliklarning kodlari kombinatsiyasini va ularning paydo bo‘lish vaqtini tahlil qilib, meʼda osti bezi saratoni tashxisi qo‘yilishiga qadar aniqlangan xastaliklarning o‘ziga xos ketma-ketligini taqqoslaydi.  

Millionlab tibbiy yozuvlarda sinovdan o‘tkazilgan ushbu vosita meʼda osti bezi saratonini erta aniqlash va undan omon qolish darajasini oshirish imkonini beradi.


Tibbiyotda virtual haqiqat texnologiyasi 

Virtual haqiqat tizimi tibbiy taʼlim hamda bemorlar parvarishini yaxshilashda revolyutsion qadam bo‘ldi. 

Mazkur texnologiyadan tibbiy taʼlimda foydalanish talabalarga turli muolaja, operatsiya va tibbiy ssenariylarni o‘rganish va amaliyotda qo‘llash imkonini beradi. Bu orqali ularda tegishli ko‘nikmalar rivojlanadi, o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi.  

Virtual haqiqat tizimi bemorlar parvarishida ham yaxshi samara bermoqda. Xususan, u qulay muhit yaratish hisobiga bemorlarga og‘riq, xavotir, stressni yengib o‘tishda yordam beradi. Umuman olganda, VR og‘riqni qoldirish, ruhiy salomatlik terapiyasi, jismoniy reabilitatsiya kabi qator yo‘nalishlarda yuqori natija ko‘rsatishi kutilmoqda.


Bezgakka qarshi yangi vaksina yaratildi

Maʼlumotlarga ko‘ra, har yili besh yoshgacha bo‘lgan 500 000 ga yaqin bola bezgakdan vafot etadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan bezgakka qarshi yana bir vaksinaning amaliyotda qo‘llash uchun maʼqullangani o‘tgan yili tibbiyotda ro‘y bergan eng muhim voqealardan biri bo‘ldi. 

Oksford universiteti olimlari tomonidan yaratilgan “R21/Matrix-M” nomli mazkur dori vositasi bezgak qo‘zg‘atuvchisining eng xavfli turi – “Plasmodium falciparum” dan himoya qiladi. Bunda dastlab vaksinaning uchta dozasi, bir yildan keyin esa buster doza qabul qilinadi. 

Yangi vaksina oldingilariga qaraganda arzonroq bo‘lgani tufayli uni ommaviy ishlab chiqarish va ko‘proq bemorlarni davolash mumkin.


Hashorot miyasining xaritasi tuzildi 

O‘tgan yilda olimlar ilk bor meva pashshasi lichinkasi miyasining to‘liq xaritasini tuzib, unda yarim milliondan ortiq neyron aloqalar mavjudligini aniqladi. Bu kashfiyot nafaqat pashshalarning, balki keyinchalik inson miyasini ham yana-da chuqurroq o‘rganish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, nevrologik kasalliklarni davolashda tub burilish yasashi mumkin. 


mRNK texnologiyasi

mRNK texnologiyasi viruslarga qarshi turli vaksinalarni ishlab chiqishda keng qo‘llanilmoqda. Anʼanaviy vaksinalardan farqli o‘laroq, mRNK vaksinalari virus yoki patogenning kichik genetik maʼlumotlaridan foydalanadi. Buning natijasida inson hujayralarida virusning bir qismiga o‘xshaydigan zararsiz oqsil ishlab chiqarish jarayoni boshlanadi. U esa, o‘z navbatida, immun tizimni ishga tushirib, organizmga haqiqiy infeksiyani aniqlash va unga qarshi kurashishga yordam beradi. 

mRNK texnologiyasi turli davo muolajalarini bajarishda ham yuqori samara bermoqda. Hujayralarga aniq ko‘rsatma berish orqali mRNK terapiyasi kasallik sababchisi bo‘lgan molekulalarga qaratilib, terapevtik oqsillarni ishlab chiqarish imkonini beradi. Ushbu texnologiya saraton, irsiy va autoimmun xastaliklarni davolashda ulkan salohiyatga ega. 


Tug‘uruqdan keyingi depressiyadan tabletka 

AQSH Oziq-ovqat va dori vositalari sifati nazorati boshqarmasi tug‘uruqdan keyingi depressiyani davolash uchun Zuranolona (Zurzuvae savdo markasi) preparatini maʼqulladi. 

Klinik tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Zuranolonaning birinchi dozasidan keyin uch kun ichida ayollarda depressiya alomatlari sezilarli darajada kamaydi. 

Tabletka ko‘rinishidagi yangi dori vositasini ikki hafta davomida kuniga bir marta qabul qilish tavsiya etilmoqda. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70311 | Инструменты