Huawei 1
AQSh talabalari Tramp sabab Britaniyada o‘qishni xohlamoqda

Donald Tramp ma’muriyati va AQShdagi qator universitetlar, jumladan, Harvard o‘rtasidagi mojaro keskinlashgani sabab amerikalik talabalar internet orqali Buyuk Britaniyada o‘qishga oid ma’lumotlarni ko‘proq qidirishni boshladi. Bu haqda oliy ta’lim to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ixtisoslashgan Studyportals platformasi ma’lumotlariga tayanib Financial Times xabar berdi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mart oyida AQShdan Buyuk Britaniya OTMda ta’lim olish borasidagi so‘rovlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga oshgan. Shuningdek, Germaniya, Avstraliya, Fransiya va boshqa qator davlatlarda ham o‘qish istagini bildirayotganlar soni oshmoqda.

Studyportals’ning qayd etishicha, chet ellik talabalar orasida esa mart oyida AQShda o‘qish to‘g‘risidagi so‘rovlar 15 foizga kamaygan. Turli davlatlarda oliy ta’limga oid ma’lumotlarni qidirish imkonini beradigan platformaga ega Keystone Education Group kompaniyasiga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki uch oyida Amerika universitetlarida o‘qishga bo‘lgan so‘rovlar o‘tgan yilga nisbatan 27 foizga qisqargan, Buyuk Britaniyada ta’lim olishga bo‘lgan qiziqish esa 23 foizga oshgan.

So‘nggi haftalarda Donald Tramp ma’muriyati va Harvard universiteti o‘rtasidagi kelishmovchilik keskin tus oldi. AQSh hukumati universitet uchun mo‘ljallangan milliardlab dollarlik grantlarni muzlatib qo‘ydi. Harvard esa Tramp ma’muriyatini bu qarori uchun sudga berdi.

Eslatib o‘tamiz, 11 aprel kuni Tramp ma’muriyati Harvard universitetiga maktub yo‘llab, universitet boshqaruvida keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazish, shuningdek, qabul siyosatini o‘zgartirishga chaqirdi. Tramp ma’muriyatining Harvardga qo‘ygan talablari, shuningdek, universitet, professor-o‘qituvchilar va rahbariyatning xilma-xillik haqidagi qarashlarini ko‘rib chiqish va kampusda niqob kiyishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi. Jurnalistlarning fikricha, oxirgi talab aniq Falastin tarafdori namoyishchilariga qaratilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42901 | Инструменты