Huawei 1
AQSh Venesueladan kelgan narkotik kemasiga zarba berganini aytdi

Qo'shma Shtatlar Karib dengizining janubida Venesueladan jo'nab ketgan narkotik ortilgan kemaga zarba berganini ma'lum qildi. "Zarba terrorchilar xalqaro suvlarda AQShga noqonuniy giyohvand moddalarni olib ketayotgan vaqtda sodir boʻldi. Zarba natijasida 11 nafar terrorchi halok boʻldi", — dedi AQSh prezidenti Donald Tramp 3-sentabr, chorshanbaga oʻtar kechasi Truth ijtimoiy tarmogʻida.

Bir necha soat oldin AQSh Davlat kotibi Marko Rubio AQSh Venesueladan jo‘nab ketgan giyohvand moddalar ortilgan kemaga “halokatli zarba” berganini aytdi. “AQSh harbiylari Karib dengizining janubida Venesueladan jo‘nab ketgan va belgilangan narkoterror tashkiloti tomonidan boshqariladigan giyohvand moddalar ortilgan kemaga halokatli zarba berdi”, — dedi u ijtimoiy tarmoqdagi postida.

AQSh-Venesuela munosabatlari

Tramp avvalroq aytganidek, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro giyohvand moddalar savdosida AQShga tahdid solmoqda. Shu munosabat bilan Vashington yaqinda Karib dengizi janubidagi ishtirokini kuchaytirish rejalarini e'lon qildi va buni narkokartellarga qarshi kurashga urinish deb e'lon qildi. O‘z navbatida Maduro hukumati Venesuela qirg‘oqlari va qo‘shni Kolumbiya bilan chegara bo‘ylab o‘z qo‘shinlarini yubordi va venesuelaliklarni fuqarolik militsiyasiga qo‘shilishga chaqirdi.

Avgust oyida esa Oq uy Nikolas Maduroning hibsga olinishiga olib keladigan ma'lumot uchun mukofotni ikki baravar oshirdi. Hozirda bu miqdor 50 million dollarni tashkil etadi. Yangi summa hozirgacha taklif qilingan eng katta miqdordir, dedi AQSh Davlat kotibi oʻrinbosari Kristofer Landau. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “Al-Qoida” terrorchilik tarmog‘i asoschisi Usama bin Laden uchun taklif qilinganidan ikki barobar ko‘pdir.

2020-yilda, Trampning birinchi muddatida Qo‘shma Shtatlar Maduro va boshqa yuqori martabali Venesuela amaldorlarini “narkoterrorizm”da ayblab, uni qo‘lga olish uchun 15 million dollar mukofot taklif qilgan edi.

AQSh Adliya vazirligi Venesuela hukmdorini 20 yil davomida AQShga yuzlab tonna narkotik moddalarni kontrabanda yo‘li bilan olib chiqib, yuzlab million dollar daromad keltirgan kuchli Cartel de los Soles (Quyosh karteli – tahr.) narkokartelini boshqarganlikda ayblamoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90322 | Инструменты