Avstraliyalik Lukas Helmke bor-yo’g’i bir soat ichida 3206 marta "otjimaniya" (yerda qo'llarni bukish va yozish) mashqini bajarib, yangi jahon rekordini o’rnatdi. Bu haqda CNN nashri xabar bermoqda.
33 yoshli sportchi ushbu mashqni har daqiqada 53 marta, yoki deyarli har soniyada bittadan bajargan.
Lukas Helmke Brisbendagi sport zalida rekordchi unvonini qo’lga kiritdi. Uning aytishicha, sportchi o’z harakati bilan bir yoshli o’g’liga imkonsiz narsa yo'qligini isbotlamoqchi bo'lgan.
Ma’lumki, rasmiy jahon rekordi standartlariga javob berish uchun har bir “otjimaniya” benuqson bo'lishi kerak.
Rekordchi tizzalarini va pastki orqa qismini bukmasdan, ko’tarilayotganda tanasini to’g’ri ushlab turishi kerak edi. Tushish paytida esa u tirsaklarda kamida 90 daraja burchakka erishgan. Ba’zi noto’g’ri harakatlar tufayli Helmkening 34 ta mashqi hisoblanmagan.
Eslatib o’tamiz, ushbu mashq bo’yicha avvalgi rekord 2022-yilning aprel oyida 3182 martalik natija bilan Daniel Skali tomonidan o‘rnatilgan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112807 | Инструменты