31 may kuni kechqurun Bryansk oblasti Vigonichskiy rayonida avtomobil ko‘prigi quladi, bu vaqtda uning ostidan «Klimov — Moskva» yo‘lovchi poyezdi o‘tayotgandi.
Rossiya temiryo‘l departamenti xabariga ko‘ra, hodisa mahalliy vaqt bilan soat 22:44 da Bryansk oblastidagi «Pilshino - Vigonichi» bir yo‘lli peregonida ro‘y bergan. Bu yerda temiryo‘l federal miqyosdagi A-240 avtomobil yo‘li bilan kesishadi. Ko‘prikdan bu vaqtda yuk mashinasi o‘tayotgan bo‘lgan.
Poyezd qulagan ko‘prik konstruksiyasiga urilgan, natijada lokomotiv va to‘rtta vagon izdan chiqib ketgan.
Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, avariya oqibatida yetti kishi halok bo‘lib, yana 69 kishi jarohatlangan. Jarohatlanganlardan 47 nafari shifoxonaga yotqizilgan, ulardan uch nafari, jumladan, bir bola og‘ir ahvolda qolmoqda. Ko‘prik qulashi oqibatida «Miratorg» kompaniyasi mahsulotlarin tashigan yuk mashinasi haydovchisi ham jarohatlangan.
«Klimov — Moskva» poyezdi yo‘lovchilari uchun Vigonichi stansiyasida vaqtincha joylashtirish punkti tashkillashtirilgan. 1 iyun tongida ular zaxira poyezdi orqali Moskvaga yuborilgan. Yo‘lovchilarning xarajatlari qoplab berilishi va’da qilingan.
Moskva temiryo‘llari telegram-kanalida yo‘lovchi poyezd izdan chiqib ketishi «transport faoliyatiga noqonuniy aralashuv natijasida avtomobil ko‘prigining oraliq qurilmasi qulashi» tufayli ro‘y bergani xabar qilindi. Keyinroq xabar tahrirlanib, «noqonuniy aralashuv» jumlasi olib qo‘yildi.
Kuchishlatar idoralarga yaqin hisoblangan Baza, Mash, 112 va Shot telegram-kanallari hodisadan keyin bergan dastlabki xabarlarda ko‘prik qulashiga ustunlarni portlatish sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Poyezd portlovchi qurilma o‘rnatilgan shpallarni bosib o‘tgani haqidagi versiya ham paydo bo‘lgan. Telegram-kanallar «harbiy muxbirlar» may oyi oxirida Vigonichi rayonida bir guruh ukrainalik diversantlar aniqlangani haqida tarqatgan xabarlarni ham eslagan.
1 iyun tongida Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz amalda bu ma’lumotni tasdiqladi. «388 nafar yo‘lovchi bo‘lgan Klimov-Moskva poyezdi o‘tayotgan ko‘prik portlatildi. Hozirgacha yetti kishi halok bo‘lgani, uch bola jarohatlangani ma’lum», — degan Bogomaz «Rossiya 24» telekanali efirida.
Klimovo shahri va Klimov stansiyasi Bryansk oblastining janubi-g‘arbiy qismida, Ukraina chegarasi yaqinida joylashgan. Yo‘lning qulab tushgan qismi Bryanskdan oldin joylashgan bo‘lib, poyezd soat 23:00 dan keyin to‘xtashi kerak edi.
1 iyunga o‘tar kechasi Kursk oblastida yana bir ko‘prik qulab tushdi. Favqulodda hodisa Jyeleznogorsk rayonida Trosna-Kalinovka yo‘lining 48-kilometrida sodir bo‘ldi, deb xabar berdi region gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Xinshteyn.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘prik yuk lokomotivi o‘tayotganda qulab tushgan, poyezdning bir qismi ko‘prik ostidagi avtomobil yo‘liga tushgan. Natijada teplovoz yonib ketgan, yong‘in zudlik bilan bartaraf etilgan. Mashinistlar brigadasini kasalxonaga olib ketishgan. Ulardan birining oyoqlari shikastlangan.
Ko‘prik ostidagi avtomobil yo‘lida transport harakati to‘sib qo‘yilgan. Ko‘prik qulashi sabablari aniqlanmoqda, deya qo‘shimcha qilgan Xinshteyn.
Shot va Baza nashrlari Bryanskdagi kabi Kursk oblastidagi ko‘prik ham portlatilgan bo‘lishi mumkinligini yozishgan. Telegram-kanallarga ko‘ra, qo‘lbola bomba ko‘prik konstruksiyasiga o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60304 | Инструменты