2025 yil 7 sentabrdan 8 sentabrga o‘tar kechasi «Qonli Oy» deb nomlangan Oy tutilishi sodir bo‘ladi, deb yozdi TimeOut.
Nashrning ta’kidlashicha, Oyning to‘liq tutilishi juda kam uchraydigan hodisa, garchi u Quyosh tutilishiga qaraganda tez-tez sodir bo‘lsa-da. Agar bu hodisani 7 sentabr kuni o‘tkazib yuborsangiz, unda keyingisini 2028 yilgacha kutish kerak bo‘ladi.
Qayd etilishicha, 7 sentabrda to‘liq Oy tutilishini sayyoraning aksariyat qismidan, jumladan, O‘zbekistonda ham ko‘rish mumkin bo‘ladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, qariyb 6 milliard kishi ushbu astronomik hodisani tomosha qilishi mumkin.
Oy tutilishi Toshkent vaqti bilan soat 20:28 da boshlanadi. Oy Yer soyasiga kiradi va tutilish jarayoni 8 sentabr soat 1:55 gacha davom etadi. Deyarli bir yarim soat davomida osmonda «Qonli Oy» ko‘rinadi – bu oy nuri atmosferada sinib, qizil va hayratlanarli yorug‘likda namoyon bo‘lishi bilan bog‘liq.
Oy tutilishini yaxshiroq tomosha qilish uchun shaharlardan uzoqda, yorug‘lik kamroq bo‘lgan joyni tanlash lozim. Iloji bo‘lsa, balandroq ko‘tarilish va qorong‘ilikka ko‘nikish uchun ko‘zlarga 20 daqiqa dam berish, telefon, monitor va televizorlardan uzoqlashish kerak. Ko‘chaga chiqishdan oldin ob-havo ma’lumotini tekshirish zarur, chunki juda bulutli bo‘lsa, hech narsa ko‘rinmaydi.
Oy tutilishini tomosha qilish ko‘zga zarar bermaydi, shu tufayli, maxsus ko‘zoynak sotib olish haqida qayg‘urish shart emas.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90613 | Инструменты