Qozog‘istonning sobiq mudofaa vaziri Nurlan Ermekbayev ShHT bosh kotibi etib tayinlandi

4 iyul kuni Shanxay hamkorlik tashkilotining Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida Qozog‘istonning sobiq mudofaa vaziri Nurlan Ermekbayevni 2025-2027 yillarga SHHT Bosh kotibi lavozimiga tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda tashkilot rasmiylari xabar berdi.

Qayd etilishicha, Nurlan Ermekbayev 2022 yil 1 yanvardan SHHT Bosh kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Xitoy vakili Chjan Min o‘rniga 2025 yil 1 yanvardan boshlab tashkilotni rotatsiya asosida boshqaradi. Ayni paytda Ermekbayev SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari lavozimini egallab turibdi.

Nurlan Ermekboyev 1963 yilda Qozog‘istonning Chimkent shahrida tug‘ilgan. Qozoq, rus, ingliz va xitoy tillarini biladi. Tahsilni Moskvadagi SSSR Mudofaa vazirligining Qizil bayroq ordeni harbiy institutida olgan.

Ermekbayev faoliyati davomida Qozog‘istonning Xitoydagi elchixonasi maslahatchisi, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, Prezidentning xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchisi kabi turli lavozimlarda ishlagan. Shuningdek, u Xavfsizlik kengashi kotibi hamda Qozog‘iston Mudofaa vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70710 | Инструменты